O'zbekistondan xabarlar-36

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis va Yevropa Ittifoqining “Inter Pares” global dasturi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha loyiha yo‘lga qo‘yiladi

1990084
O'zbekistondan xabarlar-36

 

Bugun mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar parlamentning rolini yanada oshirish, Oliy Majlisning mavjud salohiyatini mustahkamlash, qonun ijodkorligi, parlament nazorati kabi yo‘nalishlarni takomillashtirishni taqozo etmoqda.

2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham parlamentarizm sohasidagi ilg‘or xalqaro amaliyotni joriy etish vazifalari belgilangan. 

Mazkur jarayonda xalqaro hamkorlik, parlament diplomatiyasi muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai-nazardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Yevropa Ittifoqining “Inter Pares” global dasturi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha loyiha tatbiq etilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, “Inter Pares” – Yevropa Ittifoqining parlamentarizmni mustahkamlash bo‘yicha global dasturi bo‘lib, Demokratiya va saylovga ko‘maklashish xalqaro instituti (IDEA) tomonidan Yevropa Ittifoqiga hamkor mamlakatlar parlamentlarining ekspert ko‘magida amalga oshiriladi.

Joriy yilning 22-may kuni poytaxtimizda  mazkur loyihaning rasmiy boshlanishiga bag‘ishlangan anjuman o‘z ishini boshladi. Unda senatorlar, “Inter Pares” global dasturi vakillari, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari, Vengriya, Slovakiya, Fransiya Germaniya, Kipr, Chexiya, Litva kabi mamlakatlarning milliy parlamentlari vakillari hamda Yevropa Ittifoqiga a’zo bir qancha davlatlarning diplomatik korpusi vakillari ishtirok etdi.

Loyihada ishtirok etayotgan 17 ta davlatning qonun chiqaruvchi organi orasida Oliy Majlis Markaziy Osiyo mintaqasi va butun MDH makonidagi mamlakatlardan yagona parlamentga aylandi.

Anjumanda Senat Raisi Tanzila Narbayeva Oliy Majlisning xalqaro hamkorligi xususan, Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar parlamentlari bilan aloqalar konstruktiv ruhda rivojlanib borayotgani, munosabatlarni amaliy loyihalar bilan boyitish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

— O‘zbekiston Yevropa Ittifoqini asosiy xalqaro hamkor deb biladi. Biz parlament diplomatiyasi sohasidagi sa’y-harakatlarni izchil amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyormiz. Anjuman yakunlari bo‘yicha parlament salohiyatini yanada rivojlantirish va rolini kuchaytirish bo‘yicha foydali tavsiyalar ishlab chiqiladi, shuningdek, ilg‘or amaliyotlar va tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lamiz — deya, ta’kidladi Senat Raisi.

O‘z navbatida, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Sharlotta Adrian “Inter Pares” loyihasining Markaziy Osiyo davlatlari orasida aynan yagona hamkor sifatida O‘zbekiston parlamenti bilan amalga oshirilayotganiga to‘xtalib, keyingi yillarda mamlakatda jamiyatni demokratlashtirish, inson huquqlarini ta’minlash, majburiy mehnatga barham berish va boshqa yo‘nalishlardagi ortga qaytmas islohotlar va ularning natijalari bilan izohlanishini ta’kidlab o‘tdi.

Shu bilan birga, Sh.Adrian Oliy Majlis Senati tajribasi Parlamentlararo ittifoqning genderga yo‘naltirilgan parlamentlari reytingida tan olingan yetakchi, shuningdek, jamiyatda gender tengligini keng targ‘ib qilishda namuna bo‘lganiga alohida e’tibor qaratdi.

Anjuman sessiyalarga bo‘lingan holda o‘z ishini davom ettirdi. Ularda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi parlamentlarining faoliyat ko‘lamidan kelib chiqib, parlament funksiyalariga amaldagi yondashuvlar va hamkor mamlakatlar parlamentlari tajribasi o‘rganildi.

Shuningdek, xalqaro hamkorlar Senat faoliyatiga to‘xtalib, parlamentning yuqori palatasida masofaviy ishlashda o‘ziga xos yondashuvlar mavjudligi, hududlar palatasi sifatida senatorlar ko‘p vaqtlarini hududlarda, o‘zlari saylangan saylov okruglarida o‘tkazishlari, mazkur tajriba dunyoning aksariyat parlamentlarida uchramasligini e’tirof etdilar.

Anjumanning ikkinchi kunida ishtirokchilar mahalliy budjet ijrosini nazorat qilish, “elektron parlament” tizimini joriy etish, gender tenglikni ta’minlash, yoshlar bilan ishlash kabi mavzularda o‘zaro fikr almashadilar.

Tadbirning ikkinchi kuni ishtirokchilar sessiyalarga bo‘lingan holda mahalliy budjet ijrosini nazorat qilish, “elektron parlament” tizimini joriy etish, gender tenglikni ta’minlash, yoshlar bilan ishlash kabi masalalarni muhokama qilishdi.

Xususan, Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi E. Gadoyev Senatning mahalliy budjet va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ustidan parlament nazoratini amalga oshirish borasidagi faoliyatiga batafsil to‘xtalib o‘tdi. So‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha darajadagi budjetlarni shakllantirish va Davlat budjeti mablag‘laridan foydalanish jarayonida fuqarolarning ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari amalga oshirilayotganini ta’kidladi. “Tashabbusli budjet” jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish ustidan parlament nazoratini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan “Tuman (shahar) budjetlari mablag‘larini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirilgan tartibi to‘g‘risidagi” Namunaviy nizom tasdiqlangan.

Sessiya davomida Litva, Fransiya, Vengriya, Chexiya va Kiprning moliyaviy nazorat sohasidagi tajribasi o‘rganildi.

Senatorlar xalqaro hamkorlar bilan elektron parlamentga o‘tishdagi muammolar va ularni hal etish yo‘llari yuzasidan fikr almashdi. Elektron parlament va raqamli transformatsiya rejalari muhokama qilindi.

Jumladan, Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari F. Boqiyev O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik amaliyotida “Elektron parlament” dasturiy kompleksini yanada takomillashtirish  bo‘yicha bir qator amaliy takliflarni ilgari surdi. Parlamentda ochiq elektron va arxiv hujjatlari bazasini shakllantirish maqsadida yetakchi Yevropa davlatlarining (Fransiya, Latviya, Kipr, Vengriya) tajribasini o‘rganish, Yevropa mamlakatlari parlamentlarining fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimini ko‘rish, fuqarolarning qonunchilikdagi roli bilan yaqindan tanishish kabilar taklif etildi.

Xalqaro hamkorlar O‘zbekistonda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasining ish mexanizmi bilan qiziqdi.

Yoshlar bilan ishlash masalalariga bag‘ishlangan sessiya muhokamasida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari 

D. Tashmuxamedova mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash, yoshlarga bo‘lgan e’tibor barcha darajadagi davlat organlarida ustuvor yo‘nalish hisoblanishini ta’kidlab o‘tdi. Yoshlarning manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha 50 dan ortiq normativ hujjatlar qabul qilingani ham buni tasdiqlaydi.

Forum ishtirokchilari Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamentining maqsad va vazifalari bilan ham tanishtirildi.

Anjuman ishi yakunlari bo‘yicha parlamentning salohiyatini yanada rivojlantirish va rolini kuchaytirish, tajriba almashish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston

Aloqador xabarlar