Kartalkayada sodir boʻlgan yongʻin qurbonlari soni yana ortdi
Kartalkaya chang‘i markazidagi «Grand Kartal» mehmonxonasida sodir bo‘lgan yong‘inda qurbonlar soni 78 nafarga yetdi.

Turkiyaning Bolu viloyatidagi Kartalkaya chang‘i markazida joylashgan «Grand Kartal» mehmonxonasida sodir bo‘lgan yong‘inda hayotdan ko‘z yumganlar soni ortdi. Shu munosabat bilan dunyoning ko‘plab davlatlarining liderlari Turkiyaga ta’ziya izhor etmoqda.
Bugun Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad al – Nahayon bilan Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad al - Soniy Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘anga qo‘ng‘iroq qildilar.
Unda liderlar Bolu viloyatidagi Kartalkaya chang‘i markazida joylashgan mehmonxonada sodir bo‘lgan yong‘inda hayotdan ko‘z yumganlar uchun ta’ziya izhor etib, Turkiyaga hamdardlik bildirdi.
Eslatib o‘tamiz:
Turkiyaning Bolu viloyatidagi Kartalkaya chang‘i markazidagi «Grand Kartal» mehmonxonasida joriy yilning 20 – yanvaridan 21 – yanvariga o‘tar kechasi kechqurun soat 03:30 atrofida yong‘in sodir bo‘ldi.
Qayd etilishicha 12 qavatli mazkur mehmonxona yog‘ochdan yasalgan bo‘lib, voqea sodir bo‘lgan kuni nomi tilga olingan mehmonxonada 234 kishi dam olayotgan edi.
Ilk aniqlashlarga ko‘ra yong‘in sodir bo‘lgan kuni ertalab halok bo‘lganlar soni 10 nafar deb qayd etilar ekan, hozirda qurbonlar soni 78 nafarga yetdi.
Adliya vazirligi halok bo‘lganlarning barchasining kim ekani aniqlanganini ma’lum qildi.
Sog‘liqni Saqlash vazirligi, tan jarohati olganlarning 39 nafari shifoxonadan chiqqani va 12 nafarini davolash ishlari esa davom etayotganiga e’tibor qaratdi.