Turkiya va Ummon o'rtasida 10 ta hujjat imzolandi

Turkiya Prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an Turkiyaga rasmiy ziyorat amalga oshirgan Ummon sultoni Haysam bin Tarik bilan qo’shma matbuot anjumani o'tkazdi.

2215069
Turkiya va Ummon o'rtasida 10 ta hujjat imzolandi

 

Turkiya Prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an Turkiyaga rasmiy ziyorat amalga oshirgan Ummon sultoni Haysam bin Tarik bilan tor doirada uchrashuv o’tkazdi.

So’ngra yetakchilar raisligida hay’atlararo muzokaralar bo’lib o’tdi.

Erdo’g’an uchrashuv yakunlari bo’yicha o’tkazilgan qo’shma matbuot anjumanida  Ummon sultoni Haysam bin Tarikni Turkiyada kutib olganidan mamnunligini bildirdi.

"Bizning tarixiy va qardoshlik rishtalari bilan chuqur ildiz otgan Ummon bilan munosabatlarimiz har sohada rivojlanib bormoqda. Qadrli ukam bilan hamkorlikda har sohada aloqalarimizni yanada yuqori marralarga olib chiqishni xohlaymiz”,-deydi Turkiya rahbari matbuot anjumanida so’zlagan nutqida.

Prezidentning ta’kidlashicha, uchrashuv va muzokaralarda turli sohalardagi aloqalarni yanada mustahkamlash uchun qanday qadamlarni tashlash zarurligi ko’zdan kechirildi.

"Biz munosabatlarimizga institutsional asos yaratmoqchimiz. Shu maqsadda biz foyda olishimiz mumkin bo'lgan variantlarni, jumladan, yuqori darajadagi strategik hamkorlik mexanizmini muhokama qildik. Tashqi aloqalar, iqtisodiyot kabi mavzularda hamkorligimizni rivojlantirish uchun 10 ta hujjat imzolandi. Sanoat, investitsiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohalarida qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi”,-deydi Erdo’g’an.

Prezidentning ta’kidlashicha, Turkiya Livanda sulhning ta’minlanishi uchun olib borilgan muzokaralarning ijobiy natijasini olqishlaydi.

"Mamlakatimiz Livanda tinchlik va barqarorlikni ta'minlashda har tomonlama qo'llab-quvvatlashga tayyor ekanligini yana bir bor ta'kidlamoqchiman. Ammo, shuni ta'kidlab o'tmoqchimanki, agar zudlik bilan, adolatli va doimiy sulhga erishilmasa, mintaqaviy va global tinchlikka erisha olmaymiz. Amerika prezidenti Jo Baydenning G'azoda o't ochishni to'xtatish uchun tashabbus ko'rsatishini e'lon qilishi juda kech, ammo muhim qadamdir. Albatta, G’azoda osoyishtalik va tinchlik o’rnatish uchun qo’limizdan kelgancha g’ayrat ko’rsatishdan voz kechmaymiz”,-deydi Turkiya rahbari.

Ummon sultoni Haysam bin Tarik, barchaning umumiy istagi mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni o'rnatish ekanini ta'kidlab, "Mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash uchun bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishimiz kerak va bu doirada biz Ummon sifatida mintaqamizni tashvishga solayotgan xalqaro masalalarda Turkiyaning pozitsiyasini qo’llab-quvvatlashimizni bildirmoqchimiz”, - dedi.


Tanlangan kalimalar: #Ummon , #Turkiya

Aloqador xabarlar