Erdo‘g‘an Qirg‘iziston prezidentiga TOGG sovg'a qildi
Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov o‘zaro ramziy sovg‘alar almashdi.
Bishkekka davlat tashrifi chog‘ida Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov o‘zaro ramziy sovg‘alar almashdi.
Bu ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning kuchayishi fonida e’tiborga molik ish bo‘ldi. Bu haqda Turkiya Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Qirg‘iziston Prezidenti Turkiya rahbariga ot sovg‘a qildi. Bunga javoban Erdo‘g‘an Japarovga TOGG markali zamonaviy turk elektromobilini sovg‘a qildi.
Shuningdek, davlat rahbarlari Strategik hamkorlik bo‘yicha Oliy kengashning oltinchi yig‘ilishida ishtirok etib, o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Turkiya Prezidenti mazkur tashrifi doirasida 6 noyabr kuni Bishkekda bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ishtirok etishi kutilmoqda. Ushbu tadbir a’zo mamlakatlar o‘rtasida mintaqaviy hamkorlik va hamdo‘stlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladi.