Finlyandiya prezidenti Turkiya parlamenti rahbari bilan uchrashdi
Turkiya parlamenti qarorgohida Turkiya Buyuk Millat Majlisi (TBMM) raisi Numan Kurtulmush bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.
Bugun, 1 oktyabr seshanba kuni Finlyandiya Prezidenti Alexander Stubb Prezident Rajab Tayyip Erdo'g'anning taklifiga binoan Turkiyaga tashrif buyurdi.
Turkiya prezidenti huzuridagi Kommunikasiya boshqarmasi ma'lum qilishicha, Oliy martabali mehmon 2 oktyabrga qadar Turkiyada bo'ladi.
Finlyandiya Prezidenti dastlab, Turkiya Respublikasiga asos solgan Mustafo Kamol Otaturkning qabri joylashgan Anitkabir yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi.
So’ngra Turkiya parlamenti qarorgohida Turkiya Buyuk Millat Majlisi (TBMM) raisi Numan Kurtulmush bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.
Numan Kurtulmush, kelgusi davrda ikki davlat o'rtasidagi ijobiy ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun parlament diplomatiyasi imkoniyatlaridan foydalanishning ahamiyatiga to'xtaldi.
Finlyandiya Prezidenti Alexander Stubb o'z navbatida yillar davomida Turkiya bilan turli platformalarda, ayniqsa Birlashgan Millatlar Tashkilotida tinchlik o'rnatish sohasida do'stlik va ittifoqchilikda yaqin hamkorlik qilinganini bildirdi.
Mazkur tashrif Turkiya va Finlyandiya oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganiga 100 yil to'lgani munosabati bilan amalga oshirilmoqda. Bu Alexander Stubbning prezident sifatida Turkiyaga qilgan ilk tashrifi hisoblanadi.
Tashrif doirasida ikki tomonlama munosabatlardan tashqari, dolzarb mintaqaviy va global muammolar, ayniqsa G‘azo va ishg‘ol qilingan Falastin hududlaridagi vaziyat hamda Turkiya-Yevropa ittifoqi munosabatlari yuzasidan fikr almashish ham ko‘zda tutilgan.