Erdo'g’an Irlandiya va Norvegiya bosh vazirlari bilan muloqot qildi
Erdo'g'an suhbat chog'ida Irlandiya va Norvegiya hukumatlariga Falastinni davlat sifatida tan olgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Turkiya Prezidenti Rajap Tayyip Erdo'g’an Irlandiya Bosh vaziri Simon Harris va Norvegiya Bosh vaziri Jonas Gahr Store bilan telefon orqali muloqot qildi.
Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Irlandiya Bosh vaziri bilan bo'lgan suhbat chog'ida Turkiya va Irlandiya o'rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqboldagi rejalar, Isroilning Falastindagi hujumlari oqibati, G'azo uchun gumanitar yordam faoliyatlari shuningdek, global va mintaqaviy mavzular muhokama qilindi.
Erdo'g'an suhbat davomida Irlandiya hukumatining Falastinni davlat sifatida tan olgani uchun minnatdorlik bildirdi va bu harakat mintaqada tinchlik va adolat o'rnatilishi hamda ikki davlatli yechim yo'lidagi sa'y-harakatlarni qo'llab-quvvatlashini ta'kidladi.
Qolaversa, Yaqin Sharqda adolatli va doimiy yechim uchun Isroilni xalqaro huquqqa rioya qilishga majbur qiladigan qadamlar muhim ekanligini va barcha davlatlar tinchlik tasavvurini saqlab qolishi kerakligini qayd etdi.
Norvegiya Bosh vaziri bilan bo'lib o'tgan suhbat chog'ida esa, Turkiya va Norvegiya o'rtasidagi munosabatlar, Isroil tomonidan Falastin hududlarida, ayniqsa G'azoda sodir etilayotgan qirg'inlar, shuningdek global va mintaqaviy o'zgarishlar muhokama qilindi.
Erdo'g’an Isroilning xalqaro huquqni mensimasdan davom ettirayotgan hujumlarini to'xtatish va mintaqada doimiy tinchlik o’rnatilishi uchun sa’y-harakatlarni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Norvegiyaning Falastinni davlat sifatida tan olish qarori mintaqada tinchlik, barqarorlik, osoyishtalik, adolat va ikki davlatli yechim yo'lidagi sa'y-harakatlarga hissa qo'shganini ifoda etgan Erdo'g'an, Norvegiya hukumatiga bu mavzudagi jasorati va bu jarayonga qo'shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.