Turkiya parlamenti Isroilning Rafahga hujumlarini qoralovchi rezolyusiyani qabul qildi
Turkiya parlamenti spikeri Numan Kurtulmush tomonidan imzolangan qaror matni TBMM Bosh Assambleyasida o‘qib eshittirildi.

Turkiya Buyuk Millat Majlisi (parlamenti) Isroilning blokadadagi G‘azo sektori janubidagi Rafah shahriga uyushtirgan hujumlarini qoralovchi rezolyusiyani qabul qildi.
Turkiya parlamenti spikeri Numan Kurtulmush tomonidan imzolangan qaror matni TBMM Bosh Assambleyasida o‘qib eshittirildi.
Hujjatda aytilishicha, Bosh vazir Benyamin Netanyaxu boshchiligidagi Isroil xalqaro sudlarning barcha qarorlarini e’tiborsiz qoldirib, G‘azo sektoridagi tinch aholi punktlariga zarba berishda davom etmoqda. Xalqaro sudning harbiy amaliyotlarni to‘xtatish zarurligi haqidagi qaroriga zid ravishda "sionistlar"ning shafqatsizligi butun dunyo ko‘z o‘ngida davom etmoqda”, — deyiladi rezolyusiyada.
Hujjat matnida aytilishicha, "Isroil tomonidan G‘azo aholisiga nisbatan o‘tkazilayotgan bosim va shafqatsizlik siyosati" butun Falastinni yashash uchun yaroqsiz qilib qo‘ygan.
Shu bilan birga, Turkiya parlamenti Isroil armiyasining G‘azo sektori janubidagi Rafahdagi ko‘chirilgan falastinliklar lageriga hujumiga e’tibor qaratdi.
"Bu qotilliklar bilan Netanyaxu va uning to‘dasi xalqaro kelishuvlar va qonun ustuvorligini e’tiborsiz qoldirib, dunyoda misli ko‘rilmagan irqchilikni beparvolik bilan namoyish qilmoqda. Rafahga uyushtirilgan so‘nggi hujum paytida insoniyatga qarshi jinoyatlarning eng sharmandali namunasini ko‘rsatgan Isroilning harakatlari aparteid rejimi amaliyotlaridan tashqariga chiqib, genosidga tengdir. Ushbu qirg‘in va insoniyatga qarshi jinoyatlar haqida jim turmaslik inson huquqlarini qadrlaydigan har bir inson va har bir davlatning burchidir", — deyiladi hujjatda.
"Biz xalqaro huquqqa zid bo‘lgan tinch aholi qirg‘inini yana bir bor qoralaymiz. Turkiya Respublikasi bir ovozdan va barcha institutlari bilan xalqaro hamjamiyatga o‘z pozisiyasini, maqsadi Isroilni to‘xtatish va o‘t ochishni to‘xtatishni ta’minlashdan iborat ekanligini aniq e’lon qiladi", - deyiladi rezolyusiyada.