Hakan Fidan Nyu-Yorkda Josep Borrell bilan uchrashdi
Uchrashuvda Yevropa Ittifoqi-Turkiya munosabatlarida tashlanishi kerak bo'lgan qadamlar muhokama qilindi.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo’yicha oliy vakili Josep Borrell bilan uchrashdi.
Borrell ijtimoiy tarmoq orqali bergan ma’lumotida Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi chog'ida Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan bilan fikr almashish imkoniga ega bo'lganini, Yevropa Ittifoqi-Turkiya munosabatlarida tashlanishi kerak bo'lgan qadamlarni muhokama qilganligini bildirdi.
Uchrashuvda shuningdek, Qorabog'dagi "o'ta xavotirli" vaziyat ham muhokama qilindi.
Vazirlikning X ijtimoiy media platformasida berilgan bayonotga ko'ra, Hakan Fidan Nyu Yorkda bo'lib o'tgan kelajakdagi sammitga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha vazirlar yigʻilishida ma’ruza qildi.
"Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan o'z nutqida global boshqaruvni o'zgartirish, ko'p qirralilikni kuchaytirish va BMTni isloh qilish yo'lida tashlanishi kerak bo'lgan qadamlarni ta'kidladi va bu yo'nalishdagi majburiyatlarni yana bir bor tilga oldi",- deyiladi bayonotda.
Hakan Fidan Nyu-Yorkda bo'lib o'tgan Islom Hamkorlik Tashkilotining Vazirlar darajasidagi yillik muvofiqlashtirish yig'ilishida ham ishtirok etdi.
Vazirlik bayonotiga ko'ra, Hakan Fidan Latviya Tashqi ishlar vaziri Arturs Karins, Belarus Tashqi ishlar vaziri Sergey Aleynik va Bahrayn Tashqi ishlar vaziri Abdullatif bin Rashid az-Zeyyani bilan ham uchrashdi.
U shuningdek, Turk uyida Panama Tashqi ishlar vaziri Janaina Tewaney Mencomo bilan ham uchrashdi.
Uchrashuvdan soʻng ikki davlat oʻrtasida “Siyosiy maslahatlashuv mexanizmini tashkil etish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumi” imzolandi.