Erdo’g'an Nyu-Yorkda turk jurnalistlarga intervyu berdi
Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g'an Nyu-Yorkdagi Turk uyida AQShga tashrifi yakunlari bo’yicha turk jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga javob berdi.

Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g'an Nyu-Yorkdagi Turk uyida AQShga tashrifi yakunlari bo’yicha turk jurnalistlarga intervyu berdi.
"Men Bosh Assambleyaga qilgan murojaatimda insoniyatni xavfsiz va farovon kelajakka olib borish uchun tashlanishi kerak bo'lgan qadamlarga e'tibor qaratdim. Turkiyaning xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash uchun muhim bo'lgan xalqaro mavzulardagi fikrlarini bildirdim",-dedi Erdo’g’an.
Erdo'g'an turk jurnalistlarning "Isroil Bosh vaziri Netanyahu bilan uchrashganingizda energiya sohasida hamkorlik masalalari kun tartibiga keldimi? Isroil-Falastin muammosining yechimi bilan bog'liq qanday takliflarni ilgari surdingiz? degan savollariga javob berdi:
"Isroil Bosh vaziri Netanyahu bilan suhbatlashdim, siz aytganingizdek, u o'sha paytda kasal bo'lib kela olmadi, lekin men unga: "Siz bu tashrifni amalga oshiring, keyin men delegatsiyam bilan Isroilga tashrif buyuraman", dedim. Shunday qilib, o’zaro tashrifga kelishib oldik. Umid qilamanki, biz bu qadamni ortiqcha kechiktirmasdan tashlaymiz va asosiy masala energiya bo’yicha bo’ladi. Biz Isroil bilan, jumladan, energiya burg'ulash ishlarini boshlaymiz. Biz nafaqat Turkiyaga, balki Turkiyadan Yevropaga energiya uzatish liniyalarini ishga tushiramiz”,-deydi Turkiya prezidenti.
Erdo'g'an, ayniqsa, energiya bo’yicha hamkorliklar Turkiyani yuqori marralarga olib borishi mumkinligini ta'kidlab, shunday dedi:
"Biz ular bilan bu boradagi salohiyatimiz haqida suhbatlashdik. Ikki davlat oʻrtasida turli sohalardagi hamkorlikni oshirish uchun tegishli vazirlar ishtirok etadigan mexanizmni yaratishning foydalarini tushuntirdik. Ikki davlat oʻrtasida energiya, turizm va texnologiya kabi sohalarda yangi hamkorlikni yoʻlga qoʻyish mumkin”.
Erdo’g'an "Siz Gretsiya Bosh vaziri Michotakis bilan uchrashdingiz. U Selanik forumida yangi muloqotga urg'u berdi. Nima haqida gaplashdingiz? Qanday fikrlar bildirdingiz? degan savolga shunday javob berdi.
"Maqsadimiz, Egey dengizidagi notinch atmosferani yo'qotish va Michotakisning yondashuvi ham shu maqsadda. Lekin, biz uchun hozir eng muhim qadam Selanikdagi sammit bo'ladi. Selanik sammiti endi Turkiya va Gretsiya o'rtasida muhim sakrash bo'ladi. Tashqi ishlar vazirlarimiz oldindan tayyorgarlik ko'radi va biz bu sammitni 7 dekabr kuni Selanikda o'tkazamiz. Ushbu sammit bilan biz ko'p narsa o'zgarishiga umid qilamiz",-deydi Erdo’g’an.
Prezident Erdo’g'an, "Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida Shimoliy Kipr Turk Respublikasining tan olinishini talab qildingiz. Sizning chaqiruvingiz katta ovoza bo’ldi, Bundan keyin mavzu bo’yicha yo'l xaritasi qanday bo'ladi?" degan savolga javoban shunday dedi:
"Shimoliy Kipr Turk Respublikasining mustaqil davlat sifatida tan olinishi Kipr muammosining hal qilinishiga hissa qo'shadigan yagona va eng samarali qadamdir. Biz boshqa variantlarni tan olmaymiz. Kipr Turk Respublikasining huquqlarini himoya qilishga qaror qildik. Shimoliy Kipr Turk Respublikasining xalqaro huquq tomonidan bizga berilgan kafillik huquqi doirasida, huquqlarini oxirigacha saqlab qolishga qaror qildik. Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiy Davlatlar Tashkilotiga kuzatuvchi aʼzo sifatida qoʻshilishi bilan ochilgan eshikning davom etishini kutamiz. Shimoliy Kipr Turk Respublikasining birin-ketin mustaqil davlat sifatida tan olinishi Sharqiy O’rta yer dengizida tinchlik va osoyishtalikka xizmat qiladi”.