Erdo‘g‘an Ramazonning birinchi iftorini zilzila zonasida o‘tkazadi
Turkiya prezidenti bugun, 23 mart kuni joriy yilning fevral oyida sodir bo‘lgan ikki dahshatli zilzila epimarkazi joylashgan janubi-sharqiy Kahramanmarash viloyatiga tashrif buyuradi.

Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an falokat zonasi aholisi bilan musulmonlar uchun muqaddas Ramazon oyining birinchi iftorlik ziyofatini o‘tkazadi.
Bu haqda “Anadolu” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Turkiya prezidenti bugun, 23 mart kuni joriy yilning fevral oyida sodir bo‘lgan ikki dahshatli zilzila epimarkazi joylashgan janubi-sharqiy Kahramanmarash viloyatiga tashrif buyuradi. Davlat rahbari tashrif doirasida viloyat ma’muriy markazidagi qayta qurish ishlari bilan tanishadi.
Manbaga ko‘ra, Erdo‘g‘an Ramazon oyida tabiiy ofat zonasi aholisi bilan uchrashishni rejalashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqidagi Kahramanmarash viloyatida 7,7 va 7,6 magnitudali ikkita vayronkor zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila va minglab yerosti silkinishlari respublikaning 11 viloyati va qo‘shni mamlakatlarda sezilgan bo‘lib, ulardan Suriya eng ko‘p jabr ko‘rgan. Turkiyada qurbonlar soni 50 mingdan oshdi. Turkiyaga yetkazilgan tabiiy ofatdan jami zarar BMT ma'lumotlariga ko‘ra, 100 milliard dollardan oshishi mumkin.