Erdo‘g‘an, Zelenskiy va Guterrish o'zaro kelishib oldi

Lvov shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an hamda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ishtirokidagi uch tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

1869746
Erdo‘g‘an, Zelenskiy va Guterrish o'zaro kelishib oldi

 

Bugun, 18 avgust kuni Ukrainaning Lvov shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an hamda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ishtirokidagi uch tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Anadolu” xabar agentligi ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, Pototskix saroyining matbuotga yopiq eshiklari ortida o‘tgan uchrashuv 40 daqiqa davom etgan. Shundan so‘ng, Erdo‘g‘an, Zelenskiy va Guterrish ishtirokida qo‘shma mutbuot anjumani bo‘lib o‘tgan. 

“Biz Zaporoje atom elektr stansiyasi atrofidagi harbiy harakatlardan xavotirimizni bildirdik. Biz boshqa Chernobil fojesini boshdan kechirishni xohlamaymiz”, deydi Turkiya yetakchisi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, uch tomonlama sammitda Istanbul konsensusi yaratgan ijobiy muhitni mustahkam tinchlikka aylantirish imkoniyatlari ham baholangan.

“Biz xalqaro hamjamiyat diplomatik jarayonni jonlantirish uchun ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerakligini ta’kidladik. Men urush oxir-oqibat muzokaralar stolida tugashiga ishonaman. Aslida, janob Zelenskiy va Guterrish bu borada hamfikr. Biz muzokaralar stoliga olib boradigan eng qisqa va adolatli yo‘lni aniqlashimiz kerak”, deydi Erdo‘g‘an.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Turkiya Ukrainadan kelgan 325 ming qochqinga, jumladan 1099 nafar yetim bolalarga boshpana bergan. 

“Xalqaro hamjamiyat Ukraina inqirozini hal qilish uchun ko‘proq harakat qilishi kerak”, deydi Erdo‘g‘an.

Antoniu Guterrish esa, Zaporoje AES bilan bog‘liq vaziyatda stansiya xavfsizligiga tahdidlarning oldini olish uchun sog‘lom fikr ustun bo‘lishi kerakligini bildirdi. Uning aytishicha, Birlashgan Millatlar Tashkiloti MAGATE inspektorlarining Zaporoje AESga tashrifini faqat missiya Kiyev orqali u yerga borgan taqdirdagina qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

“Yelenovka faktlarni aniqlash missiyasi rahbari etib Braziliya vakili tayinlanadi. BMT Yelenovkadagi SIZO hududiga xavfsiz kirish uchun harakat qilmoqda”, deya qo‘shimcha qildi BMT Bosh kotibi.

Uning qayd etishicha, Rossiya va Ukrainadan oziq-ovqat hamda o‘g‘it eksportini davom ettirish bozorlarni barqarorlashtirish uchun muhim ahamiyatga ega.

Ta'kidlash joizki, uch tomonlama muzokaralar oldidan Zelenskiy va  Guterrish hamda Zelenskiy va Erdo‘g‘an o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. 

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Turkiya yetakchisi Rajab Tayyip Erdo‘g‘anga mamlakatning vaqtincha bosib olingan hududida Rossiya tomonidan yirik hajmdagi don o‘g‘irlanishi haqida gapirib berdi. Bu haqda Zelenskiyning o‘zi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma'lum qilgan.

“Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Lvov shahriga tashrif buyurishi Ukrainaning shunday qudratli davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganidan dalolatdir”, deydi u.

Qayd etilishicha, ikki davlat rahbarlari uchrashuv chog‘ida g‘alla tashabbusini yanada rivojlantirish imkoniyatlari, Rossiyaning Zaporoje atom elektr stansiyasidagi yadroviy shantajini muhokama qilgan. 

Shuningdek, mudofaa sohasidagi hamkorlik masalalari haqida ham suhbatlashgan. 

“Ukrainaning vaqtincha bosib olingan hududida Rossiya tomonidan yirik hajmdagi don o‘g‘irlanishini ham muhokama qildik. Ishonchim komilki, Ukraina va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikning yanada kengayishi ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘ladi”, deyiladi xabarda.

Ukraina yetakchisi Guterrishga BMT Zaporoje AES xavfsizligini ta’minlashi, uni qurolsizlantirish va rus qo‘shinlaridan to‘liq ozod qilinishini ta’minlashi kerakligini bildirdi. 



Aloqador xabarlar