Mavlud Chavusho’g’li Jayxun Bayramov va Entoni Blinken bilan muloqot qildi
Ozarbayjon va AQSh mulozimlari bilan bo'lgan muloqot chog'ida Ukrainadagi vaziyat muhokama qilindi.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho’g’li Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jayxun Bayramov va AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan telefon orqali muloqot qildi.
Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko’ra, Mavlud Chavusho’g’li va Jayxun Bayramov o’rtasida bo’lib o’tgan suhbat chog'ida Ukrainadagi so’nggi o’zgarishlar va mamlakatdan fuqarolarni evakuatsiya qilish jarayoni muhokama qilindi.
Mavlud Chavusho’g’lining AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan bo’lgan muloqotida esa, Turkiya-AQSh munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, Ukrainadagi so’nggi o’zgarishlar haqida fikr almashildi.
"Blinken Qo'shma Shtatlarning Ukraina xalqini qo'llab-quvvatlashi, shuningdek, Putinni javobgarlikka tortish harakatlari haqida ma'lumot berdi. U shuningdek, Turkiyaga Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga sodiqligi hamda Ukrainaga zarur holatlarda yordam berishga tayyor ekanini bildirgani uchun minnatdorlik bildirdi",- deyiladi AQSh Davlat departamenti bayonotida.