Antaliyadagi Xalqaro diplomatik forumga katta tayyorgarlik ketmoqda

Ushbu xalqaro anjuman Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo‘g‘an mezbonligida 11-13 mart kunlari bo‘lib o‘tadi.

1792465
Antaliyadagi Xalqaro diplomatik forumga katta tayyorgarlik ketmoqda

 

Turkiyaning Antaliya shahrida Xalqaro diplomatiya forumini o‘tkazishga katta tayyorgarlik ketmoqda.

Anjuman mamlakat prezidenti Rajap Tayyip Erdo‘g‘an mezbonligida 11-13 mart kunlari bo‘lib o‘tadi.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li tomonidan tashkil etilgan xalqaro anjumanda 12 ta davlat rahbari, 15 nafar yetakchi, 3 nafar hukumat rahbari, 67 nafar vazir, 6 nafar vazir o‘rinbosari hamda 44 ta xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning rahbarlari, jumladan NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg ishtirok etishi kutilmoqda.

Anjuman doirasida bo‘lib o‘tadigan munozaralarda xalqaro miqyosdagi davlat rahbarlari bilan bir qatorda diplomatlar, biznes yetakchilari, tahlil markazlari a’zolari, olimlar, yoshlar va OAV vakillari ishtirok etadi.

Forumda demokratik boshqaruv, energetika xavfsizligi, sun’iy intellekt, irqchilikka qarshi kurash, virtual olamdagi muloqot, Osiyo-Tinchi okeani mintaqasi va Afrikani rivojlantirish, terrorizm, noqonuniy migratsiya va dezinformatsiyaga qarshi kurash, xotin-qizlarning imkoniyat va huquqlarini kengaytirish, iqlim o‘zgarishlari va Yevropa xavfsizligini qayta ko‘rib chiqish kabi bir qator masalalar muhokama qilinadi.

Diplomatik forum ishida 2 ming 500 dan ortiq ishtirokchi qatnashishi ko'zda tutilgan bo'lib, unda yetakchilar ishtirokida 4 ta majlis, 27 ta muhokama, 4 ta davra suhbati va 2 ta yoshlar tadbiri o‘tkaziladi.

Tahlilchilarning fikricha, “Turkiyaning turizm markazi” bo'lmish Antaliyada o‘tkaziladigan Diplomatik forum mamlakatning yangi platformasiga aylanib bormoqda. Shuningdek, shahar jahon diplomatiyasi markazlaridan biri sifatida tan olinmoqda.

2019 yilda asos solingan mazkur forum murakkab global masalalarga yangicha yondashuvlarni shakllantirmoqda hamda jahonda tinchlik qaror topishiga hissa qo‘shmoqda. Anjumanda ilgari surilgan g‘oya va harakatlar global chaqiriqqa aylanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, “Diplomatiyani qayta formatlash” mavzusida dastlabki Diplomatik forum  2021 yilning 18-20 iyun kunlari Antaliyada bo‘lib o‘tgan edi.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #Diplomatik forum , #Antaliya

Aloqador xabarlar