Erdo‘g‘an va Putinning Sochidagi muzokaralari yakunlandi
Putin Erdo‘g‘anga Ukraina donining eksportini tashkil etishda vositachilik qilgani uchun minnatdorchilik bildirdi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘anning Sochida bugun, 5 avgust kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralari yakunlandi.
Yetakchilarning muzokaralari 4 soat davom etdi.
“Ikki davlat yetakchisining uchrashuvi soat Moskva vaqti bilan 15:21 da boshlandi va to‘rt soatdan sal ko‘proq davom etdi. Kun tartibiga keng ko‘lamli mavzular qo‘yildi: Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikdan tortib, mintaqaviy muammolar — Ukraina inqirozi, Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat, Suriyadagi holat muhokamasigacha”, deyiladi ma'lumotda.
Putin “Turk oqimi” gaz quvurining ishlashi mavzusini ko‘tarib, bu liniya Rossiyaning Yevropaga uglevodorod yetkazib berishning barcha yo‘nalishlaridan farqli o‘laroq, to‘g‘ri, ritmik, hech qanday nosozliklarsiz ishlayotganini ta’kidladi.
Uning fikricha, Yevropadagi iste’molchilar gazning uzluksiz tranzitini ta’minlagani uchun Turkiyadan minnatdor bo‘lishi kerak.
U, shuningdek, Erdo‘g‘anga Ukraina donining eksportini tashkil etishda vositachilik qilgani uchun minnatdorchilik bildirdi.
Bundan tashqari, Putin muzokaralar natijasida amalga oshishi mumkin bo‘lgan Rossiya-Turkiya savdo-iqtisodiy aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzolanganini ma’lum qildi.
Ma'lumotga ko‘ra, Putin va Erdo‘g‘an Rossiya-Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni barcha sohalarda yangi bosqichga olib chiqishga, xususan, gaz uchun to‘lovlar qisman rublda amalga oshirilishiga kelishib olgan.
"Muhim tarkibiy qism – Turkiya Respublikasiga gaz yetkazib berish masalasi muhokama qilindi, u har yili 26 milliard kub metr hajmda yetkazib beriladi. Muzokaralar davomida Prezidentlar gaz yetkazib berish uchun to‘lovlarni qisman rublda amalga oshirishga kelishib oldi”, deyiladi ma'lumotda.
Shuningdek, uchrashuv yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonotida aytilishicha, Putin va Erdo‘g‘an Suriyaning siyosiy birligi hamda hududiy yaxlitligini saqlab qolishni muhim deb hisoblaydi.
“Ko‘tarilgan masalalar orasida Suriyadagi so‘nggi voqealar ham bor. Tomonlar siyosiy jarayonni olg‘a siljishga katta ahamiyat berishlarini tasdiqladi. Suriyaning siyosiy birligi va hududiy yaxlitligini saqlash muhimligi ta’kidlandi”, deyiladi hujjatda.
Shu bilan birga, ikki davlat liderlari “barcha terror tashkilotlariga qarshi kurashda birgalikda va bir-biri bilan yaqin muvofiqlashgan holda harakat qilish qat’iyligini” tasdiqlagan.
O‘z navbatida Erdo‘g‘an bu muzokaralar Turkiya-Rossiya munosabatlarida yangi sahifa ochishga yordam berishiga ishonch bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu energiyaga ham, Qora dengiz orqali o‘tadigan “don yo‘lagi”ga ham tegishli.