Ibrohim Kalin Turkiya, Shvetsiya va Finlyandiya muzokaralariga munosabat bildirdi

“Turkiya xavfsizlikka oid xavotirlari yuzasidan ma’lum muddat ichida aniq choralar ko‘rilmasa, Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga a’zo bo‘lish tashabbusi oldinga siljimasligini ochiq aytdi”, deydi Prezident matbuot kotibi.

1832794
Ibrohim Kalin Turkiya, Shvetsiya va Finlyandiya muzokaralariga munosabat bildirdi

 

Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga a’zolik jarayonini davom ettirish uchun ular Anqaraning bu bilan bog‘liq xavfsizlik muammolarini hal qilishning aniq choralarini ko‘rishi kerak.

Bu haqda Turkiya Prezidenti matbuot kotibi Ibrohim Kalin Anqarada Turkiya, Shvetsiya va Finlyandiya o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng ma’lum qildi.

“Turkiya xavfsizlikka oid xavotirlari yuzasidan ma’lum muddat ichida aniq choralar ko‘rilmasa, Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga a’zo bo‘lish tashabbusi oldinga siljimasligini ochiq aytdi”, deydi Prezident matbuot kotibi.

U shuningdek, muzokaralar chog‘ida Anqaraga mudofaa mahsulotlari yetkazib berilishiga qo‘yilgan embargoning bekor qilinishi masalasiga “ijobiy munosabat” bo‘lganini qayd etdi.

“NATO bo‘yicha ittifoqchilarning bir-biriga qarshi sanksiyalar qo‘llashi qabul qilinishi mumkin emas”, deydi Ibrohim Kalin.

U Turkiyaning xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlari birinchi navbatda mamlakatga qarshi hujum qilayotgan PKK, PYD/YPG, DHKP-C va FETO (Fathulloh Gulen harakati) kabi terror tashkilotlarining Yevropa davlatlari, jumladan Finlyandiya va Shvetsiyadagi faoliyati bilan bog‘liqligini eslatdi. U shuningdek, PKK, YPG va PYDning bir xil terror guruhlari ekanligini ma’lum qildi.

Matbuot kotibi PYD/YPGning Suriya shimolida sodir etgan urush jinoyatlari xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Amnesty International va Xalqaro inson huquqlari federatsiyasining hisobotlarida ham tilga olinganini eslatdi.

Uning ta’kidlashicha, so‘nggi 10 yil ichida Anqara bir necha bor Shvetsiya va Finlyandiyaga terrorizmni qo‘llab-quvvatlagan shaxslarni ekstraditsiya qilish bo‘yicha so‘rovlar bilan murojaat qilgan.

Kalin, Turkiya 1999 yilgi NATO sammitida ittifoqqa a’zolik jarayoni bilan bog‘liq holda qabul qilingan tamoyil va tartiblarning “to‘g‘ri tatbiq etilishini” intiqlik bilan kutayotganini qo‘shimcha qildi. U, NATO a’zolarining xavfsizlik muammolarini “adolatli” hal qilish kerakligini aytdi.

“Turkiya NATOga a’zo bo‘lgan 70 yil davomida alyansning asosiy tamoyillari doirasidagi faoliyatiga muhim hissa qo‘shdi. NATO xavfsizlik ittifoqidir, unga a’zo bo‘lgan davlatlar boshqa a’zo davlatlarning xavfsizlik muammolarini hal qilishga hissa qo‘shishi kerak. Shunday ekan, bu ittifoqning eng asosiy masalasi a’zolarining xavfsizlik muammolarini teng va adolatli hal etishdir”, dedi Turkiya prezidenti matbuot kotibi.

Eslatish joizki, kecha 25 may kuni Anqaradagi Prezident saroyida Turkiya, Shvetsiya va Finlyandiya delegatsiyalari muzokara o‘tkazdi. Muzokaralar yopiq eshiklar ortida, taxminan besh soat davom etdi.

 


Tanlangan kalimalar: #Shvetsiya , #Finlyandiya , #Turkiya

Aloqador xabarlar