Erdo‘g‘an Al-Aqso masjidiga bosqinni keskin qoraladi

Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an kecha, 17-aprel kuni Falastin Davlat rahbari Mahmud Abbos bilan telefon orqali muloqot qildi.

1813701
Erdo‘g‘an Al-Aqso masjidiga bosqinni keskin qoraladi

 

Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an kecha, 17-aprel kuni Falastin Davlat rahbari Mahmud Abbos bilan telefon orqali muloqot qildi.

Turkiya prezidenti bu haqda Twitter’dagi rasmiy sahifasida xabar berdi.

Suhbat chog‘ida Turkiya rahbari yahudiy aqidaparastlarining Isroil politsiyasi kuzatuvida bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirishini keskin qoraladi.

Erdo’g’an Isroil hujumlari oqibatida insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Mahmud Abbosga hamdardlik bildirgan va jabrlanganlarga tezroq sog‘ayib ketishni tilagan.

“Suhbatimiz chog‘ida men janob Abbosning e’tiboriga Isroilning Al-Aqso masjididagi mo‘minlarning ishlariga aralashuvini keskin qoralashimni hamda Al-Aqsoning maqomi va ma’naviyati bilan bog‘liq ig‘vo va tahdidlarga qarshilik ko‘rsatishimizni aytdim”, deb yozgan Prezident Erdo’g‘an.

Prezident shuningdek, Turkiya ushbu adolatli kurashida Falastinni qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlagan.

Turkiya davlat rahbarining ta’kidlashicha, musulmonlar ziyoratgohi atrofidagi so‘nggi hodisalar Falastinning barcha qarshilik guruhlari o‘rtasida birlik va kelishuvga erishish yo‘lida yanada qat’iyroq qadamlar tashlash zarurligini eslatmoqda.

Turkiya Prezidenti Falastin davlat rahbariga milliy birlikni qurish jarayonidagi vazminlik va sog‘lom fikrli rahbarlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Eslatish joizki,  15 aprel kuni Quddusdagi Al-Aqso masjidida falastinliklar va Isroil politsiyasi o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi. Bunga Isroil politsiyasining muqaddas ziyoratgoh hududiga bostirib kirishi sabab bo‘ldi.

Quddusdagi “Al-Aqso” masjidi musulmonlarning birinchi qiblasi hisoblanadi.

 


Tanlangan kalimalar: #Al-Aqso , #Erdo'g'an , #Mahmut Abbos , #Falastin , #Turkiya

Aloqador xabarlar