Erdo‘g‘anning kitobi BMTga a’zo mamlakatlar yetakchilariga taqdim etiladi

Turkiya prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘anning “Dunyo adolatliroq bo‘lishi mumkin” nomli kitobi BMT umumiy kengashiga a’zo mamlakatlar yetakchilariga taqdim etiladi.

1707376
Erdo‘g‘anning kitobi BMTga a’zo mamlakatlar yetakchilariga taqdim etiladi

 

Turkiya prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘anning “Dunyo adolatliroq bo‘lishi mumkin” nomli kitobi BMT umumiy kengashiga a’zo mamlakatlar yetakchilariga taqdim etiladi.

Turkuvaz kitap tomonidan nashr etilgan 216 sahifali mazkur kitobning old muqovasiga Erdo‘g‘anning portreti tushirilgan.

Kitobning orqa muqovasida esa quyidagi fikrlar joy olgan:

“Butun dunyo taqdiriga ta'sir ko‘rsatuvchi masalalarning faqatgina beshta mamlakat tomonidan hal qilinishi na axloqiy, na adolatlidir. Dunyo besh mamlakatdan kattadir. Adolatli va barqaror global tinchlikni ta'minlash uchun multimadaniyat va ko‘p qutblilikni aks ettiruvchi BMTga ehtiyoj bor. Dunyo na bir qutbli va na ikki qutblidir; u na hukmron madaniyat va na bir nechta imtiyozga ega kuchlarning madaniy gegemonligi ostidadir. Ko‘p qutbli, ko‘p markazli, ko‘p madaniyatli, yanada inklyuziv va adolatli dunyoni qurish mumkin. Bunday dunyo uchun ilk manzil – BMTdir. Tinchlik, barqarorlik, adolat va samarali global boshqaruvning yo‘li BMTni isloh qilishdan iborat. BMTning  isloh qilinishi, ayniqsa, Xavfsizlik kengashining qayta tuzilishi, albatta, butun dunyo mamlakatlarining kelishuvi bilan amalga oshiriladi.

Biz Turkiya o‘laroq bu boradagi taklifimizni anchadan buyon ifoda etib kelyapmiz va uni barcha davlatlar muhokamasiga ochiq qo‘yyapmiz. Yechim uchun taklifimiz esa “Dunyo besh (BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a'zolari – tahr.)dan katta” iborasida o‘z ifodasini topadigan, BMT Xavfsizlik kengashi tuzilmasini o‘zgartirishga qaratilgan nuqtayi nazar hukmronligining ta'minlanishidir. Kengash qit'alar, e'tiqodlar, kelib chiqish va madaniyatlarni eng adolatli tarzda aks ettiradigan tarzda qayta qurilishi yechim va global tinchlik sari tashlangan inqilobiy qadam bo‘ladi”.

Erdo‘g‘an, shuningdek, global siyosat muammolariga, xususan, adolatsizlik, migratsion inqiroz, xalqaro terrorizm va islomofobiya, diskriminatsiya va ikki tomonlama standartlarga e'tibor qaratadi. Vakolat masalasida adolat ta'minlangan va veto huquqi bekor qilinadigan BMT uchun prinsipial, keng qamrovli, strategik va amalda qo‘llash mumkin bo‘lgan model taklifini ilgari suradi.  

Shuningdek, Erdo‘g‘anning ushbu kitobidan quyidagi fikrlar ham o‘rin olgan:

  • “Bolalar o‘lgan va o‘ldirilgan dunyoda hech kim aybsiz emas”.
  • “Bugungi kunda butun dunyoda eng katta ehtiyoj tuyulayotgan masalalardan biri adolatdir. Global adolat o‘rnatish uchun mas'ul bo‘lgan muassasalar, afsuski, harakatsiz bir holatda turibdi”.
  • “Rahm-shafqatini yo‘qotgan bir asrda adolat vakili va vijdonning ovozi bo‘lish mas'uliyati bizning zimmamizga tushmoqda”.
  • “Kuchli haq emas, balki haq kuchli bo‘lgan tizim o‘rnatilmaguncha biz “Dunyo beshdan kattaroq” deyishda davom etamiz”.
  • “O‘tmishning ehtiyojlariga ko‘ra shakllantirilgan institutlar bilan bugungi muammolarni hal qilib bo‘lmaydi. Bu institutlar hatto yangi muammolar tug‘dirayotgani ham sir emas”.
  • “Bizning tushunchamizga ko‘ra, dunyoning tartibini, najotini va baxtini adolat ta'minlaydi. Yanada adolatli dunyo uchun umid va ishonch beruvchi global tartibga ehtiyoj bor”.

Ma'lum qilinishicha, ayni paytda ingliz, arab, nemis, fransuz, rus va ispan kabi xalqaro tillarga tarjima qilinayotgan ushbu kitobdan tushgan barcha daromad AFAD (Tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi)ga o‘tkaziladi.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #Erdo'g'an , #BMT

Aloqador xabarlar