Turkiyada 30 avgust – G’alaba bayrami keng nishonlanmoqda

Bugun Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an yetakchiligidagi davlat arboblari 30 avgust – G’alaba bayrami munosabati bilan Anitkabir majmuasida o’tkazilgan tantanali marosimda ishtirok etdi.

1699463
Turkiyada 30 avgust – G’alaba bayrami keng nishonlanmoqda

 

Bugun Turkiyada buyuk g’alabaga 99 yil to’ldi!

Bundan roppa-rosa 99 yil muqaddam 1922 yil 30 avgust kuni ulug’ lider Mustafo Kamol Otaturk yetakchiligida qo’lga kiritilgan buyuk g’alaba tarix sahifalariga oltin harflar bilan yozildi.

G'alabaning 99 yilligi butun mamlakat bo'ylab tantanali ravishda nishonlanmoqda. Bayramning birinchi manzili odatdagidek Anitkabir bo'ldi.

Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an yetakchiligidagi davlat arboblari bugun, 30 avgust – G’alaba bayrami munosabati bilan Anitkabirni ziyorat qildi. Otaturk poyiga gulchambar qo’yildi, uning ruhiga hurmat bajo keltirildi, davlat gimni kuylandi.

Tantanali marosimda siyosiy partiya rahbarlari, vazirlar, Turkiya qurolli kuchlari qo’mondonlari va deputatlar ham ishtirok etdi.

Erdo'g'an boshchiligidagi delegatsiya Milliy Pakt minorasiga (Misak-ı Milli Kulesi) o’tib, u yerda Anitkabir xotira daftariga imzo chekdi.

“Aziz Otaturk, biz mustaqilligimiz yo'lidagi oltin halqalaridan biri bo'lgan Buyuk G'alabaning 99 yilligida yana bir bor sizning huzuringizdamiz. Ushbu tarixiy kunda siz zoti oliylarini va shahidlarimizni hurmat bilan yodga olyabmiz. Biz siz belgilagan maqsadlarga erishish yo’lida Turkiyani porloq kelajakka tomon yetaklayabmiz. Mudofaa sanoati sohasida tashlagan qadamlarimiz bilan millatimizning ko'z qorachig'i bo'lgan Turk Qurolli Kuchlarining kuchini yana-da oshiryabmiz. Biz demokratiya, adolat, huquq va erkinliklar bo’yicha amalga oshirgan islohotlar bilan xalq bilan davlat o'rtasidagi aloqani mustahkamlayabmiz. Bizga omonat qilib qoldirgan Turkiya Respublikasi ishonchli qo'llarda. Ruhingiz shod bo’lsin!”, deb yozdi Turkiya prezidenti Anitkabir xotira daftariga.

Ayni vaqtda, poytaxt Anqarada 30 avgust – G’alaba bayrami munosabati bilan rasmiy parad namoyishi o’tkazilmoqda. Turkiya Oliy majlisi binosi oldidan boshlangan parad namoyishi tarixiy Majlis binosi oldida yakunlanadi.

Istanbulda ham 30 avgust – G’alaba bayrami munosabati bilan Taksim maydonidagi Respublika yodgorligi oldida marosim o’tkazildi.

Tadbirda Istanbul buyuk shahar xokimiyat, Istanbul xokimiyati va 1-Qo’shin qo’mondonligi nomidan Respublika yodgorligi poyiga gulchambar qo’yildi.

Mamlakat bo’ylab bayram tadbirlari davom etmoqda.



Aloqador xabarlar