Turkiyada 15 iyul – Demokratiya va Milliy birdamlik kuni nishonlandi

Prezident Rajab Tayyip Erdo‘g‘an bundan besh yil muqaddam sodir etilgan 15-iyul voqealarni “yaxshilikning yovuzlik ustidan, adolatning qonunsizlik ustidan g‘alabasi”, deb atadi.

1676037
Turkiyada 15 iyul – Demokratiya va Milliy birdamlik kuni nishonlandi

 

Kecha, 15-iyul kuni Turkiyada harbiylar tomonidan davlatga qarshi amalga oshirilgan to‘ntarish bostirilgan kun – Demokratiya va Milliy birdamlik kuni nishonlandi. Poytaxt Anqarada bo‘lib o‘tgan xotira tadbirlarida, jumladan Parlamentda o‘tgan marosimda Prezident Rajab Tayyip Erdo‘g‘an ham qatnashdi.

Prezidentning ta’kidlashicha, “davlat to‘ntarishiga urinishning oldini olish paytida namoyish etilgan qahramonlik eposi butun turk xalqi uchun faxrdir”. 

Davlat rahbari besh yil oldingi voqealarni “yaxshilikning yovuzlik ustidan, adolatning qonunsizlik ustidan g‘alabasi”, deb atadi. 

“O‘sha paytda turk xalqi olib borgan kurashning ahamiyatini hech kim kamsitishga haqli emas”, -deydi Erdo‘g‘an. 

Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Fathulloh Gulen boshchiligidagi FETO terroristik guruhiga qarshi kurashda jonini fido qilgan qahramonlar xalqning yolg‘on, shafqatsizlik va qonunsizlikka qarshi kurashiga yetakchilik qilishgan.

 “15-iyul voqealari butun xalqning g‘alabasi, milliy o‘ziga xoslik va demokratiyaning tantanasidir",- deydi Turkiya prezidenti.

Eslatish joizki, bundan besh yil muqaddam 2016-yilning 15-iyul kuni Turkiyada davlatga qarshi to‘ntarishga urinish amalga oshirildi.

Unda mamlakat xavfsizlik kuchlari, ichki ishlar, prokuratura, Milliy xavfsilik xizmati, Kurolli kuchlar, mudofaa tizimlariga o‘rnashib olgan hoinlar Erdo‘g‘an boshchiligidagi Hukumatga qarshi to‘ntarishni amalga oshirib, Prezidentni hokimiyatdan ag‘darishni maqsad qilgan edi. To‘ntarishga urinishlar xalqning ko‘chalarga chiqib, mamlakat demokratiyasini himoya qilishi bilan bostirildi. Oqibatda 251 nafar begunoh inson qurbon bo‘ldi. 

Ushbu davlat to‘ntarishiga harakat ayni damda AQSHning Pensilvaniya shtatida istiqomat qilib kelayotgan Fathulloh Gulen boshchiligidagi FETO terroristik guruhi va uning davlatdagi korchalonlari orqali amalga oshirilgani ma’lum qilindi. Turkiya Hukumati to‘ntarishga urinishdan so‘ng Fathulloh Gulen va u boshchiligidagi tashkilotga qarshi ayovsiz kurashni boshladi. 



Aloqador xabarlar