Turkiya vitse-prezidenti Fuat O'ktay Sardor Umurzoqov bilan uchrashdi

Uchrashuvda O’zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda tashqi ishlar vazirligi vakillari, shuningdek, Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar ishtirok etdi.

1665843
Turkiya vitse-prezidenti Fuat O'ktay Sardor Umurzoqov bilan uchrashdi

 

Kecha, 28-iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan kelgan Turkiya vitse – prezidenti Fuat O'ktay bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O’zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda tashqi ishlar vazirligi vakillari, shuningdek, Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar ishtirok etdi.

Sardor Umurzoqov oliy martabali mehmonga mezbonlik qilib turganidan bahtiyorligini ta’kidlab, “Ota yurtingizga xush kelibsiz!”,-dedi.

O’ziga ko’rsatilgan samimiy mehmondo’stlik uchun Sardor Umurzoqovga minnatdorlik bildirgan Fuat O'ktay O’zbekistonga qadam bosishi bilan o’zini vatanida his qilganligini tilga oldi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziriligidan (ITSV) maʼlum qilinishicha,  konstruktiv muloqot chog‘ida tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishning bugungi holatini muhokama qildilar, shuningdek, uni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.

Ikki davlat rahbarlarining saʼy-harakatlari tufayli Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganligi va hozirgi vaqtda ham pandemiya hamda joriy etilgan karantin cheklovlari oqibatida yuzaga kelgan jahon iqtisodiyotining pasayishiga qaramay, jadal rivojlanayotganligi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan, oliy darajadagi ikki tomonlama tadbirlarga, xususan, Strategik hamkorlik Kengashining joriy yildagi 2-yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.

Iqtisodiy sheriklikni oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, joriy yilning yanvar oyidan may oyiga qadar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 83 foizlik o‘sish bilan 1,3 milliard dollarni tashkil etdi. Yaqin kelajakda o‘zaro savdo hajmini yiliga 5 milliard dollarga yetkazish uchun barcha zarur choralarni ko‘rish bo‘yicha o‘zaro niyatlar ovoza qilindi.

Shu nuqtai nazardan ikki mamlakat o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish masalalari muhokama qilindi. Mavjud masalalar bo‘yicha yakuniy kelishuvlarga erishish va yaqin kelajakda ikki tomonlama muzokaralarning navbatdagi raundini o‘tkazish maqsadida ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik yana-da jadallashadi.

O‘zbekistonda iqtisodiyotni va davlat boshqaruvini raqamlashtirish sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar ushbu sohada dolzarb muammolarni hal qilish hamda Turkiya tajribasidan foydalanish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish maqsadida axborot texnologiyalari va innovatsiyalar sohalari mutaxassislaridan iborat qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib oldi.

Shuningdek, investitsiya muhitini yaxshilash, mintaqaviy rivojlanish, maxsus iqtisodiy zonalar samaradorligini oshirish va boshqa sohalarda Turkiya tajribasini O‘zbekistonda joriy etish masalalari muhokama qilindi. Turkiyalik ekspertlarni jalb qilgan holda bu sohalardagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Turkiyalik ekspertlarni jalb qilgan holda bu sohalardagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Turkiyaning xalqaro hamkorlik va taraqqiyot agentligi bilan hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda, texnik hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun muhim salohiyat mavjudligi taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida muhokama etilgan masalalar va yo‘nalishlar doirasida hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha aniq choralar va navbatdagi tadbirlar belgilandi.

 



Aloqador xabarlar