Sadir Japarovning tashrifi Turkiya-Qirg‘iziston munosabatlarida yangi sahifa ochadi

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov kecha, 9 iyun kuni davlat tashrifi bilan Turkiya Respublikasiga keldi. Prezidentning Turkiyaga tashrifi 11 iyunga qadar davom etadi.

1655080
Sadir Japarovning tashrifi Turkiya-Qirg‘iziston munosabatlarida yangi sahifa ochadi

 

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov kecha, 9 iyun kuni davlat tashrifi bilan Turkiya Respublikasiga keldi. Oliy martabali mehmonni poytaxt Anqaradagi Esenbog‘a aeroportida Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy kutib oldi. 

Sadir Japarov Turkiyaga rafiqasi Oygul Japarova bilan kedi. E’tiborlisi shuki, prezident Japarov bugungacha Moskva, Nur-Sulton, Toshkent va Sochiga yolg‘iz o‘zi borgan. Ilk bor unga xalqaro tashriflarda rafiqasi hamkorlik qilmoqda. 

 

Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida Prezident Sadir Japarov Anitkabir yodgorlik majmuasiga – Turkiya Respublikasining birinchi Prezidenti Mustafo Kamol Otaturkning mangu oromgohiga tashrif buyurdi. 

Sodir Japarov Turkiyaning buyuk davlat va siyosiy arbobi dafn etilgan joyga gulchambar qo‘ydi, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi. 

Tashrif davomida Japarov Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi. 

Ikki mamlakat rahbarlari ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikni, shuningdek, Turkiy tilli davlatlarning hamkorlik kengashi doirasidagi o‘zaro aloqalarning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

 

Qayd etilishicha, Prezidentlar Qirg‘iziston va Turkiya o‘rtasidagi strategik hamkorlik oliy kengashining 5-yig‘ilishida qatnashdilar. 

Prezident saroyida matbuotga yopiq shaklda bo’lib o’tgan yig’ilishda Turkiya tomonidan vitse-prezident Fuat O’ktay, TIV rahbari Mavlud Chavushog’li, hazin ava moliya vaziri Lutfu Elvan, madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Erso’y, savdo vaziri Mehmet Mush, sog’liqni saqlash vaziri Fahriddin Ko’ja va boshqalar ishtirok etdi. Qirg’iziston tomonidan esa, prezidentga hamrohlik qilayotgan vazirlar ishtirok etdi.

Rasmiy tashrif doirasida Prezident Japarovning Turkiya parlamenti spikeri Mustafo Shentop bilan uchrashishi kutilmoqda. 

Japarov shuningdek, Qirg‘iziston va Turkiya o‘rtasidagi biznes forumda ishtirok etadi, Qirg‘iziston fuqarolari, talabalar va Turkiya poytaxtida ishlaydigan qirg‘izlar, jamoat birlashmalari va tashkilotlar vakillari bilan uchrashadi.

Turkiyaning rasmiy Anadolu axborot agentligining yozishicha, ushbu tashrif Turkiya-Qirg‘iziston munosabatlarida yangi sahifa ochadi.

“Qirg‘izistonning koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashi, so‘nggi bir oy ichida tojik-qirg‘iz chegarasidagi keskinlikning kuchayishi va ichki siyosatdagi tezkor o‘zgarishlar Japarovning tashrifini yanada ahamiyatli qiladi”, deb yozadi Anadolu axborot agentligi.

 

Qirg‘iziston-Turkiya munosabatlari 

1991 yil 31 avgustda Qirg‘iziston o‘z mustaqilligini e’lon qildi va Turkiya ushbu davlatni 1991 yil 16 dekabrda tan olgan birinchi mamlakat bo‘ldi. 

Ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar Prezidentlar Turgut Ozal va Asqar Akayev tomonidan "Qirg‘iziston va Turkiya Respublikalari o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida bitim" imzolangandan so‘ng rivojlana boshlagan. 2011 yilga kelib ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. 

Turkiya Qirg‘izistonga eng avvalo Turkiya Hamkorlik va Muvofiqlashtirish Agentligi (TIKA) orqali eng katta rivojlanish va ijtimoiy yordam ko‘rsatadigan davlatlardan biridir. 

Qirg‘izistonda chet el kapitali ishtirokidagi 3476 kompaniya faoliyat yuritmoqda va Turkiya ushbu jarayonda Rossiya, Xitoy va Qozog‘istondan keyin to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. Turk kompaniyalari Qirg‘izistonda asosan qurilish, transport va omborlar, ishlab chiqarish, ulgurji va chakana savdoga sarmoya kiritadilar. 

Mamlakatda faoliyat yuritayotgan 300 ga yaqin turk kompaniyalarining umumiy savdo aylanmasi 400 million dollarni tashkil etadi. 

Turkiyalik ishbilarmonlarning sarmoyaviy investitsiyalari allaqachon 1 milliard dollardan oshgan, deb taxmin qilinmoqda. 

Turk havo yo‘llari aviakompaniyasiga tegishli samolyotlar Qirg‘izistonga haftasiga 17 reysni amalga oshiradi. 

Turkiya rasmiy axborot agentligida keltirilgan ma’lumotlarda Qirg‘izistonning Turkiya oldidagi qarzi 82 million dollarga yetgani aytilgan.  

Ma’lumot o‘rnida, Japarovning Turkiyaga tashrifi 11 iyunga qadar davom etadi.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #Sadir Japarov , #Qirg'iziston

Aloqador xabarlar