Turkiyada bugundan boshlab karantin cheklovlari yumshatildi

Erdo‘g‘an vazirlar kengashi yig’ilishidan so’ng, mamlakatda koronavirusga qarshi cheklovlarning yumshatilishi bo’yicha bayonot berdi.

1593131
Turkiyada bugundan boshlab karantin cheklovlari yumshatildi

 

Kecha, 1-mart kuni Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an raisligida vazirlar kengashi yig’ilishi bo’lib o’tdi.

Prezident saroyida bo’lib o’tgan mazkur yig’ilish global xatar – koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishga bag’ishlandi.

Yig’ilishda koronavirusga qarshi kurashish doirasida ba’zi viloyatlarda bosqichma-bosqich odatiy hayotga qaytish tafsilotlari muhokama qilindi.

Erdo‘g‘an yig’ilishdan so’ng, mamlakatda koronavirusga qarshi cheklovlarning yumshatilishi bo’yicha bayonot berdi.

Prezidentning ta’kidlashicha, Turkiyada 2-mart kunidan boshlab koronavirus sababli kiritilgan cheklovlar bosqichma-bosqich yumshatiladi.

Bayonotga ko’ra, mamlakatdagi barcha viloyatlar 4ta toifaga bo‘linadi: O’ta yuqori xavfli viloyatlar-qizil rangda,  O’rta darajali yuksak xavfli viloyatlar-to’q sariq rangda, o’rta xavfli viloyatlar-sariq rangda va past xavfli viloyatlar ko’k rangda belgilandi. Ushbu ranglar hududda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatdan darak beradi.

Erdo‘g‘an namoyish qilgan xaritaga ko‘ra, Turkiyadagi asosiy turistik shaharlar, jumladan Antaliya, Istanbul, Izmir va Mugla qizil rang bilan belgilandi. Bu esa ushbu shaharlarda koronavirus tarqalishi xavfi yuqori ekanini anglatadi. Bir qator markaziy viloyatlar, jumladan poytaxt Anqara o‘rta xavfga ega bo’lgan hudud deb topilgan. 

Ushbu xaritaga ko’ra, viloyatlardagi vaziyat ikki haftada bir nazorat qilib turiladi va vaziyatga qarab cheklovlar yumshatiladi yoki takror kuchaytiriladi.

Past va o‘rta xavfga ega viloyatlarda dam olish kunlari komendantlik soati to‘liq bekor qilinadi, yuqori va o‘ta yuqori xavfga ega hududlarda esa faqat yakshanba kuni uydan chiqish cheklanadi.

Bundan tashqari, kafe va restoranlar soat 7:00dan 19:00gacha xizmat beradi. Maktablar haftada ikki kun muddatga ochiladi. Biroq, bu yumshatishlar o’ta yuqori xavfli viloyatlar uchun taalluqli emas.

Shu bilan birga, biror hududda vaziyat yomonlashgudek bo‘lsa, mahalliy ma'muriyat bunga mos ravishda tegishli choralarni ko‘rishi mumkin.

Ma’lumotga ko’ra, shu kungacha Turkiyada 9 mlnga yaqin kishi koronavirusga qarshi emlandi. Bu aholining 10 foizdan ko’prog’iga to’g’ri keladi. Turkiya koronavirusga qarshi vaksinatsiya kompaniyasi bo’yicha dunyoda ilk besh davlat qatoridan joy oldi.


Tanlangan kalimalar: #koronavirus , #Turkiya

Aloqador xabarlar