Iroq bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy ertaga Turkiyaga tashrif buyuradi

Oliy martabali mehmon Anqaradagi prezident saroyida Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an bilan uchrashadi.

1546474
Iroq bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy ertaga Turkiyaga tashrif buyuradi

 

Iroq bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’anning rasmiy taklifiga binoan ertaga, 17 dekabr kuni Turkiyaga tashrif buyuradi.

Oliy martabali mehmon Anqaradagi prezident saroyida Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an bilan uchrashadi.

Bo’lib o’tadigan uchrashuv va muzokaralarda Turkiya va Iroq o’rtasidagi o’zaro savdo hajmini oshirish, turk kompaniyalarining Iroqda terror tashkiloti DEASh hujumlaridan zarar ko’rgan hududlarni qayta tiklash bo’yicha investitsiya loyihalari muhokama qilinadi.

Shuningdek, ikki davlat o’rtasida barcha sohalarda aloqalarni yuqori bosqichga ko’tarish bo’yicha rejalar ko’zdan kechiriladi.

Bundan tashqari, Kozimiy Turkiya chegaralariga xavf solayotgan terror tashkiloti PKKning Iroqdagi faoliyatiga chek qo’yishni nazarda turgan Sinjar shartnomasining amalda ijro etilishiga doir vaziyat haqida ma’lumot berishi kutilmoqda.

Avvalroq, Iroqning Turkiyadagi elchisi Xasan Janobiy Iroqning “Sabah” gazetasiga bergan intervyusida Kozimiyning Anqaraga tashrifi haqida ma’lum qilgandi.

“Iroq bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy uchrashuv va muzokaralarda jangarilarning chegaradan o’tishini oldini olish, ularga qarshi hamkorlikda kurash olib borish, shuningdek ikki davlat o’rtasida 15 mlrd dollarni tashkil qilgan o’zaro savdo hajmini oshirish kabi masalalarni muhokama qiladi. Bundan tashqari, suv muammosi, chegara xavfsizligi va neft eksporti bo’yicha o’zgarishlar ham uchrashuv kun tartibida bo’ladi”,-deb aytgan Iroqning Turkiyadagi elchisi.

Uning ta’kidlashicha, tashrif doirasida Iroq va Turkiya o’rtasidagi Oliy strategik hamkorlik kengashi faoliyati yo’lga qo’yiladi.

Iroq bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy boshchiligidagi delegatsiyaga Iroq tashqi ishlar vaziri Fuad Husayin ham hamrohlik qiladi.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #Mustafo al-Kozimiy , #Iroq

Aloqador xabarlar