Turkiya tashqi siyosatiga nazar 47-qism

Dasturimizning bugungi sonida suriyalik turkmanlar kongressi va buning Turkiya tashqi siyosatida qanday ahamiyatga ega ekanligi haqida mulohaza yuritamiz.

1091587
Turkiya tashqi siyosatiga nazar 47-qism

              

O’tgan kunlarda suriyalik turkmanlar Suriyaning Cho’banbey hududida kongress o’tkazdi.

Dasturimizning bugungi sonida suriyalik turkmanlar kongressi va buning Turkiya tashqi siyosatida qanday ahamiyatga ega ekanligi haqida mulohaza yuritamiz.

Suriyalik turkmanlarning 2011 yildan beri davom etgan ozodlik kurashi yangi bosqichga qadam bosdi. Suriyadagi ichki siyosiy va harbiy muvozanatning o’zgarishi va Yaqin sharqdagi mintaqaviy kuch muvozanatining bugungi vaziyati jihatidan olib qaralganda, Suriyalik turkmanlar ham endilikda Suriyadagi faol jamiyatlardan biridir. Bugungi kunda suriyalik turkmanlar va Suriya turkman majlisi nafaqat siyosiy jihatdan, balki diplomatik jihatdan ham mahalliy turkman xalqining haq va huquqini himoya qilish va ularning kelajagini kafolat ostiga olish uchun kelgusi jarayonda siyosiy yechimda ro’l olishga harakat qilmoqda.

Suriyalik turkmanlarning mintaqaviy va xalqaro maydonda ko’zlagan maqsadi Suriyaning hududiy yaxlitligini saqlab qolish tamoyili doirasida, yangi yoziladigan davlat konstitutsiyasida turkmanlarning Suriyadagi o’rnini saqlab qolish, ularning tan olinishi va kafolat ostiga olinishi bo’yicha huquqiy statusga ega bo’lishini ta’minlashdir. Bu jihatdan asosiy talab shuki, suriyalik turkmanlarga “asoschi xalq” statusi berilishidir.

Suriyalik turkmanlar bu maqsadiga erishish uchun kelgusi jarayonda Suriyada siyosiy barqarorlikni ta’minlashga hissa qo’shadigan barcha tomonlar bilan siyosiy muloqot o’tkazish tarafdori ekanligini barchaga e’lon qildi. Turkmanlarning birgina sharti Suriya va Turkiyaning xavfsizligiga tahdid soladigan terror tashkilotlari bilan ayni guruhda o’rin olmaslikdir. Bu ma’noda Suriyaning hududiy yaxlitligiga tahdid solgan radikal diniy-etnik guruhlarni Suriya kelajagi muhokama qilinadigan tadbirlarga taklif qilmaslik maqsadga mubofiq bo’ladi.

Turkmanlar kelgusi jarayonda har qanday bo’linishga qarshi ekanligini ma’lum qildi. Bu juda to’g’ri. Zero, mamlakatning hududiy yaxlitligiga zarar beradigan diniy-etnik guruhlarga federal yoki avtonom status berilishining qanday salbiy natijalarga olib kelganligini Iroqda guvohi bo’ldik. Iroqda DEAShni paydo qilgan eng katta sabablardan biri ham bu edi. Shu sababli, turkmanlar har qanday federal yoki avtonom mintaqa tashkil qilish tarafdori emas, chunki bu - davlatning bo’linishi demakdir. Suriyalik turkmanlar mamlakat chegaralari hududida yashovchi barcha xalqlarning huquq va erkinligi kafolat ostiga olingan yakka davlat modeli tarafdoridir.

Darvoqe, Turkiyaning yordami bilan Suriyada terroristlardan tozalangan hududlarda kundalik hayot izga tushmoqda. Nodavlat tashkilotlar faoliyati esa tobora kuchaymoqda. Bunga misol sifatida shuni aytish joizki, kuni kecha suriyalik turkmanlar Suriya turkman majlisi boshchiligida kongress o’tkazdi. Kongressga Halab, Idlib, Bayir-Buchoq, Rakka, Hama, Humus, Tartus, Dera, Go’lan va Damashq turkmanlari bilan bir qatorda, jami 250 atrofida vakil ishtirok etdi.

Suriya muxolifati orasida o’rin olgan turkmanlar anchadan beri turli guruhlar tarkibida faoliyat olib borayotgan edi. Biroq, ular Suriya muxolifati ichida faol o’ringa ega bo’lish istagini bildirayotgan edi. Suriyalik turkmanlarning asosiy tashkiloti bo’lgan Suriya turkman majlisi bu talablarga binoan kongress tashkil qilishga qaror berdi.

Kongressga Suriya turkman majlisi a’zolari, Suriya turkman jamiyati ziyolilari, Suriya turkman harbiy guruh qo’mondonlari, Turkman nodavlat tashkilotlari yetakchilari va Suriyaning turkmanlar yashaydigan hududlaridan qator faollar ishtirok etdilar.

Majlisda Suriya turkmanlari bayrog’i ko’tarildi. Bayroqdagi moviy rang turkchilikning, qizil rang shahidlar qonining, oq rang olamshumul insoniy qadriyatlarning ramzidir. Qolaversa, bayroqda aks etgan oy va yulduz tasviri esa, islomiyatning ramzi hisoblanadi. Mintaqada tinchlik va xavfsizlikdan darak bergan bu kongress natijasida hozirda Turkiyada kun kechirayotgan suriyalik qochqinlar ham asta-sekin o’z vataniga qaytishi mumkin.

Suriya geografiyasida yashagan qadimgi xalqlardan biri bo’lgan turkmanlar 7-asrdan beri mintaqada hayotini davom ettirmoqdalar. Turkmanlar Suriyada tarqoq vaziyatda yashaydilar. Ularlar Halab, Lazkiya, Idlib, Bayir-Buchoq, Humus, Hama, Tartus, Rakka, Dera, Damashq va Go’lan hududlarida gavjum yashaydilar. Bugungi kunda suriyalik turkmanlar asrlar mobaynida yashab kelayotgan vatanini va fuqaroligini saqlab qolish uchun qattiq kurash olib bormoqda.

Ular asrlardir Suriyada lekin Suriya xalqidan ayri bir jamiyat sifatida yashab kelmoqdalar. Suriyada taxminan br yârim mln atrofida turkiyzabon turkmanlar yashaydi. Turkchani unutib yuborgan turkmanlar bilan birga Suriyadagi turkman aholi soni 3 mln atrofida.

Suriya turkmanlari mamlakatda arablardan keyingi eng katta ikkinchi etnik xalq hisoblanadi.  Turkmanlar Suriyadagi jarayonning eng katta jabrlanuvchilardan biridir. Ularning hech qachon etnik-diniy terror tashkilotlari bilan aloqasi bo’lmagan.

Doimo Suriyaning hududiy yaxlitligini himoya qilgan jamiyat sifatida Suriya turkmanlari bugungi kunda ham o’z haq va huquqini o’zlari himoya qilishga harakat qilmoqda.

Agar, bu jarayonda turkmanlar haq va huquqiga to’la ega bo’lsa, bu Suriyada doimiy tinchlik o’rnatish yo’lidagi katta qadamlardan biri bo’ladi desak mubolag’a bo’lmaydi. Qolaversa, turkmanlarning kelgusida demokratik Suriyaning Turkiya Respublikasi bilan turk dunyosi o’rtasidagi aloqalarni qulaylashtiruvchi ko’prik vazifasini o’tashini aytish mumkin.

Karatekin Universiteti xalqaro aloqalar bo’limi xodimi Jemil Dog’ach Ipekning mavzuga doir mulohazalarini e’tiboringizga havola qildik.


Tanlangan kalimalar: #Suriya , #Turkiya , #turkman

Aloqador xabarlar