Turkiya tashqi siyosatiga nazar 44-qism

Turkiya Respublikasi prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an o’tgan hafta davlat tashrifi bilan Moldovada bo’ldi.

1079417
Turkiya tashqi siyosatiga nazar 44-qism

              

Turkiya Respublikasi prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an o’tgan hafta davlat tashrifi bilan Moldovada bo’ldi. Shuningdek, Moldovaga qarashli Gagauz avtonom viloyatiga ham tashrif buyurdi. Dasturimizning bugungi sonida Erdo’g’anning Moldova ziyorati va buning Turkiya tashqi siyosatida tutgan o’rni haqida bahs yuritamiz.

Moldovaning turklar yashaydigan Gagauz avtonom viloyati o’tgan kunlarda tarixiy ziyoratga guvoh bo’ldi.  Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an 19 yil oradan so’ng, Moldovaga davlat tashrifi bilan borgan birinchi Turkiya prezidenti bo’ldi. Ikki kunlik rasmiy ziyoratining ikkinchi kunini Gagauz avtonom viloyatiga ajratdi. Erdo’g’an 2018 yilning 18 oktyabr kuni Moldova prezidenti Igor Dodon bilan birgalikda Gagauz avtonom viloyati poytaxti Komrat shahriga yo’l oldi.

Erdo’g’an bilan Dodon Gagauz avtonom viloyati rahbari Irina Vlah tomonidan tantanali ravishda kutib olindi. Komrat shahrida yo’l bo’yi turk bayroqlari osildi. Gagauz turklari ham Erdo’g’anga katta hurmat-ehtirom ko’rsatdi. Komratda avvalo İjro qo’mitasi binosiga yo’l olgan Erdo’g’an, u yerda Dodon va Irina Vlah bilan uch tomonlama muzokara o’tkazdi.

Quvonarlisi shuki, Erdo’g’an Komratda iqtisodiy va madaniy jihatdan katta ahamiyatga molik bo’lgan bir qator loyihalarning ochilishini amalga oshirdi. Qolaversa, yangi loyihalar bilan ham sobiq Sovet ittifoqining bu kichik, lekin siyosiy jihatdan chigal mamlakatida Turkiyaning tutgan o’rniga e’tibor qaratdi.

Erdo’g’anning tashrifi doirasida Gagauz avtonom viloyatining poytaxti Komratda Turkiya tomonidan insho etilgan bolalar uchun sog’lomlashtirish markazi, shifoxona va bolalar bog’chasi, qayta ta’mirlangan madaniyat uyi, avtonom mintaqaning madaniyat poytaxti bo’lgan Chodir Lungada qariyalar uyining ochilishi amalga oshirildi.

Erdo’g’an Komratdagi ma’ruzasida, Vulkanesht tumanidagi suv muammosini tubdan bartaraf etadigan loyihaning qurilishi boshlanganligini ma’lum qildi. Shuningdek, kelgusi yil Komratda yirik o’quv kompleksi bunyod etiladi va Komratda Turkiya konsulligi ochiladi.

Erdo’g’an gagauzlarni o’z ona tilini yo’qotmaslikka, abadiy saqlab qolishga chaqirar ekan, ayni vatqda Moldovaning rasmiy tilini ham puxta o’rganishga chaqirdi. Bu ogohlantiruv afsuski, gagauz turklarining o’z ona tilidan foydalanish xususida ba’zi qiyinchiliklarga uchraganligidan darak beradi. Chunki, gagauz hududi Turkiyaning samimiy sa’y-harakatlariga va katta iqtisodiy yordamlariga qaramay, deyarli o’z ona tilida so’zlasha olmagan hududga aylandi.

Gagauz avtonom viloyati uchta rasmiy tilga ega bo’lgan mintaqa bo’lib hisoblanadi. 1995 yilda qabul qilingan qonun asosida gagauz, moldovan va rus tillari rasmiy til bo’lib hisoblanadi. Aholisining 82%i gagauz turklaridan iborat bo’lgan avtonom viloyatda rus tili asosiy til bo’lib hisoblanadi. Asosan, shaharlarda bu vaziyat yana ham yaqqol ko’zga tashlanadi. Qishloqlar ona tilini o’rganish jihatidan yana ham yaxshi vaziyatda. O’rta va keksa yoshdagi aholining gagauz tilini bilishiga qaramay, bolalar va yoshlar o’z ona tilini bilmaydi, yoki juda oz biladi. Kunimizda Gagauz turkchasi faqatgina qo’shiqlarda, ertaklarda, kattalar bilan gaplashganda va Turkiyaning qo’llab quvvatlovi bilan faoliyat ko’rsatib kelayotgan nashriyot organlaridagina ishlatiladi xalos.

Turkiya 1991 yilning avgust oyida mustaqilligini e’lon qilgan Moldova Respublikasini 1991 yilning dekabr oyida tan oldi. Ikki mamlakat o’rtasida diplomatik munosabatlar 1992 yilning 3 fevral kuni tashkil topdi. Moldova bilan Turkiya o’rtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini tashkil qiluvchi “Do’stlik va hamkorlik shartnomasi” Turkiyaning 9-prezidenti Sulaymon Demirelning 1994 yilda Moldovaga tashrifi chog’ida imzolandi. Shuningdek, 2012 yilning 1 noyabr kuni ikki davlat o’rtasida “Vizalarni ikki tomonlama bekor qilish to’g’risida shartnoma” imzolandi.

Ohirgi paytlarda ikki davlat o’rtasidagi munosabatlarda katta ijobiy o’zgarishlar kuzatildi, ko’plab rasmiy yuqori darajali ziyoratlar amalga oshirildi. Turkiya prezidenti Erdo’g’anning Moldovaga tashrifi ham katta ahamiyatga molik voqealardan biridir. 2016 yilda olingan ma’lumotlarga ko’ra, Turkiyaning Moldovaga amalga oshirgan eksporti 189 mln dollar, Moldovadan ta’minlangan import esa, 124 mln dollarni tashkil qiladi. Bu esa, ikki mamlakat o’rtasidagi savdo hajmining 313 mln dollar ekanligini ko’rsatadi.

Turkiya bilan Moldova o’rtasida imzolangan Erkin savdo shartnomasi 2016 yilning 1 noyabr kuni kuchga kirdi.

Gagauz avtonom viloyatiga hech qanday manfaat kutmagan holda, samimiy yordam qo’lini uzatgan yagona davlat Turkiya bo’lib hisoblanadi. Darhaqiqat, Turkiyaning TIKA vositasida Gagauz avtonom viloyatiga ko’rsatgan yordamlarining sanog’i yo’q desak mubolag’a bo’lmaydi. Gagauz avtonom viloyatidagi eng katta muammolaridan biri bo’lgan suv muammosi TIKAning sa’y-harakati bilan bartaraf etildi.

Bundan tashqari, Gagauz teleradiokompaniyasining poydevorini mustahkamlash, “Otaturk” nomi bilan atalgan kutubxona tashkil qilish, Komrat universitetini moddiy qo’llab quvvatlash, qariyalar uyi insho etish, Xalq majlisi binosini qayta ta’mirlash, shifoxonalarni ta’mirlash, bolalar bog’chasi, maktablar insho etish kabi ko’plab loyihalarda TIKAning xizmatlari beqiyos ekanligini aytish mumkin.

Shuni qat’iylik bilan aytish joizki, Turkiya ushbu yordamlarni bevosita ko’rsatar ekan, Gagauz avtonom viloyati yoki Moldova hukumatining ichki siyosatiga qat’iyan aralashmaydi. Aksincha, mintaqada faol sifatida namoyon bo’lishga harakat qilmoqda.

Prezident Erdo’g’anning Komrat shahridagi ma’ruzasida “Moldovaning hududiy yaxlitligi biz uchun katta ahamiyatga ega” degan so’zlarida katta ma’no bor.

Ko’rinishga qaraganda, Moldova ham Turkiyaning Gagauz avtonom viloyatida tutgan o’rnini barqarorlikning kafolati deb o’ylaydi. Bu jihatdan prezident Erdo’g’anning gagauzlarning Moldovaga integratsiyasi va Moldovaning butunligiga e’tibor qaratishi juda muhim. Bu esa, o’z ona tilini unutish tahlikasiga uchragan gagauzlarga, qolaversa, Moldovadagi Ruminiya bilan birlashish tarafdorlariga hamda sobiq sovet ittifoqi bilan bog’liq aholi inqirozida har uslubdan chekinmagan Rossiyaga bir ogohlantiruv ekanligini aytish mumkin.

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, bu ziyorat shuni ko’rsatadiki, Turkiya prezidenti Erdo’g’anning mintaqaga nisbatan qat’iy munosabati Yevropa bilan Rossiya o’rtasida arosatda qolgan hristian turklar uchun bir muvozanat unsuridir. Shu sababli, Turkiyaning gagauz turklariga nisbatan qo’llab quvvatlovi kelgusi davrda ham davom etishiga guvoh bo’lishimiz mumkin.

Karatekin Universiteti xalqaro aloqalar bo’limi xodimi Jemil Dog’ach Ipekning mavzuga doir mulohazalarini e’tiboringizga havola qildik.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #Moldova , #Gagauz avtonom viloyati

Aloqador xabarlar