Turkiya tashqi siyosatiga nazar 43-qism

Dasturimizning bugungi sonida Turkmaniston-NATO munosabatlari va buning Turkiya tashqi siyosatiga ko’rsatgan ta’siri haqida bahs yuritamiz.

1075309
Turkiya tashqi siyosatiga nazar 43-qism

                      

Yevrosiyo mintaqasining strategik ahamiyatga ega bo’lgan davlatlaridan biri Turkmanistonning NATO bilan bo’lgan aloqalari tobora rivojlanib bormoqda. Dasturimizning bugungi sonida Turkmaniston-NATO munosabatlari va buning Turkiya tashqi siyosatiga ko’rsatgan ta’siri haqida bahs yuritamiz.

Yevrosiyoning muhim ahamiyatga molik davlatlaridan biri Turkmaniston Sovet ittifoqi tarqalgach, 1992 yilning mart oyida Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkilotiga a’zo bo’lgan. Turkmaniston ham Sovet ittifoqidan ajralgan boshqa davlatlar kabi Shimoliy Atlantika hamkorlik kengashi safiga qo’shildi. Bu tashkilot keyinchalik “YevroAtlantika hamkorlik kengashi” (EAPC) deb atala boshladi.

1992 yilning iyul oyida Yevropa xavfsizlik va hamkorlik konferensiyasining Xelsinkidagi sammitida birinchilardan bo’lib Turkmaniston prezidenti Saparmurot Turkmanboshi Turkmaniston tashqi siyosatining asosi ijobiy betaraflik tamoyiliga amal qilishini ma’lum qildi. Biroq, bu 1994 yilning may oyida Turkmanistonni NATOning tinchlik uchun hamkorlik dasturiga qo’shilgan birinchi Markaziy Osiyo davlati bo’lishiga to’sqinlik qila olmadi.

Ijobiy betaraflikdan doimiy betaraflikka aylangan status 1995 yilning dekabr oyida BMT Bosh assambleyasi tomonidan rasman tan olindi. Bunga qaramay, Turkmaniston o’sha yilning o’zida NATOning tinchlik uchun hamkorlik dasturi doirasida NATO bilan mustaqil hamkorlik qila boshladi.

NATOning Turkmanistonga bo’lgan e’tiborini kuzatish mumkin bo’lgan voqealardan biri shuki, 2003 yilning avgust oyida Kaspiy dengizi sohilida joylashgan Turkmanboshi shahri yaqinida o’tkazilgan “Osuda Vatan” nomli terrorizmga qarshi harbiy mashg’ulotlarda NATO ham ishtirok etdi. Harbiy mashg’ulotlarga 2500 nafar turkman askari qatnashdi. Bunga qaramay, Turkmaniston Markaziy Osiyodagi qo’shni davlatlarning aksiga NATO himoyasida o’tkazilgan harbiy mashg’ulotlarga hech qatnashmadi, ba’zan kuzatuvchi yubordi xalos.

Bu aslida, har qanday mintaqaviy, iqtisodiy, siyosiy yoki xavfsizlik bo’yicha hamkorlik faoliyatlariga qatnashishni rad etgan prezident Turkmanboshining tashqi siyosati va betaflik statusiga mos ravishda harakat qilishining bir natijasi edi. Boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlariga qaraganda Turkmaniston bilan NATO o’rtasidagi o’zaro hamkorlik ma’lum bir darajada cheklangan vaziyatda edi.

Turmanistonning NATO bilan hamkorligi Markaziy Osiyodagi boshqa hamkorlarga nisbatan ancha cheklangan bo‘lib, munosabatlar faqat fuqarolik sohasini qamrab oladi. Biroq, ushbu davlat tomonidan oxirgi yillarda amalga oshirilgan harakatlar hamda qo‘shni davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik va o‘zaro aloqalarni kengaytirishga bo‘lgan intilishlar NATO bilan hamkorlikni chuqurlashtirish imkoniyatini yaratadi.

Turkmanboshining vafotidan so’ng, 2007 yilning 11 fevral kuni bo’lib o’tgan saylovlar natijasida 89.23% ovoz olgan Gurbanguli Berdimuhammedov Turkmanistonning ikkinchi davlat rahbari etib saylandi.

Berdimuhammedov Turkmanistonning tashqi dunyo bilan munosabatlarini jonlantirish maqsadida bir qator tashabbuslarni amalga oshirdi. 2007 yilning noyabr oyida Berdimuhammedov Brusseldagi NATO qarorgohida bo’ldi. U yerda davrning NATO bosh kotibi Jaap de Hoop Scheffer bilan uchrashdi. Olib borilgan muzokaralar natijasida tomonlar Markaziy Osiyodagi mintaqaviy xavfsizlik masalasini muhokama qildilar.

Qolaversa, tomonlar NATOning tinchlik uchun hamkorlik dasturi doirasida va NATOning Afg’onistondagi missiyasining bir bo’lagi sifatida Turkmaniston bilan NATO o’rtasida amaliy hamkorlikni rivojlantirishni qabul qildi. 2008 yilning aprel oyida prezident Berdimuhammedov Bukreshdagi NATO sammitida ishtirok etdi. Bu esa, Turkmanistonning xalqaro maydonda obro’-e’tiborini ko’tarish, Turkmanistonning tashqi siyosat maydonini kengaytirish kabi sa’y-harakatlarning natijasi edi.

Kunimizda Turkmaniston mushtarak sohalarda NATO bilan hamkorlikni davom ettirmoqda.

Markaziy Osiyodagi har bir davlatning NATO bilan munosabati turlicha rivojlandi, chunki har bir hamkor davlat qanday va qaysi sohada hamkorlikni o‘rnatish bo‘yicha mustaqil tanlash huquqiga ega. Shimoliy Atlantika Kengashi bilan hamkorlik o‘rnatishdan tashqari Markaziy Osiyodagi hamkor davlatlar xavfsizlik bo‘yicha boshqa hududiy tashkilotlarda ham ishtirok etadilar. NATO ularning Shimoiy atlanika kengashi bilan hamkorligi va boshqa tashkilotlar bilan mustahkam aloqalar o‘rnatishga intilishlarida hech qanday ziddiyatni ko‘rmaydi.

Biroq, yaqin kelajakda Turkmanistonning cheklangan siyosatini qaytatdan ko’zdan kechirishini va NATO bilan bo’lgan munosabatlarini rivojlantirishini kutmaslik kerak. Zero, doimiy betaraflik statusi Turkmanistonning Rossiya, Xitoy va g’arb davlatlari bilan bo’lgan munosabatlarida muvozanatni saqlab turishiga va har qanday mintaqaviy blokka a’zo bo’lishdan uzoq turishiga zamin yaratadi.

Shu bilan birga mamlakatning global iqtisodiyotga moslashishi va qo’shni davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan yana ham yaqindan hamkorlik qilishga intiluvchi harakatlarini nazardan chetda qoldirmaslik kerak. Bu ma’noda prezident Berdimuhammedovning harbiy islohot va uni modernizatsiyalash istagi NATO bilan yana ham yaqin hamkorlik qilishi uchun imkon yaratishi ehtimoldan holi emas.

NATO tarkibidagi ikkinchi buyuk kuch bo’lib hisoblangan Turkiya Turkmanistonning NATO bilan munosabatlarini rivojlantirishini qo’llab quvvatlaydi. Turkiya bilan Turkmaniston turk dunyosi ichida o’g’uz guruhiga mansub ikki davlat bo’lib hisoblanadi. Kelgusi jarayonda ikki davlat o’rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar bo’yicha hamkorlikni yanada jadallashtirish yo’lida keng ko’lamli strategiyalarni ishlab chiqishi maqsadga muvofiq bo’ladi. Bu strategiyalar hatto davlat siyosatiga ham aylanishi zarur. Mintaqaviy iqtisodiy siyosatning taraqqiy etishida nodavlat tashkilotlar, davlat muassasalari, universitetlar o’rtasida faol hamkorlik va koordinatsiyani ta’minlash zarur.

Turkiya Respublikasi Turkmanistonda faoliyat ko’rsatgan va muhim loyihalarni amalga oshirayotgan turkiyalik firmalarni qo’llab quvvatlashi zarur. Muvaffaqiyatli bo’lgan firmalarni rag’batlantirib, bu firmalarning rahbarlari va texnik mutahassislarining tajribasidan foydalanishi zarur.

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, Turkmaniston turkiy respublikalar ichida shubhasiz Turkiya tashqi siyosatida muhim o’rin egallaydi. Bu jihatdan tarixiy rishtalar bilan bir qatorda, Turkiyaning ratsional tashqi siyosatida Turkmaniston o’ziga xos o’ringa ega.

Otaturk Universiteti Xalqaro aloqalar bo’limi xodimi Jemil Do’g’ach Ipekning mavzuga doir mulohazalarini e’tiboringizga havola qildik.

 


Tanlangan kalimalar: #Turkmaniston , #Turkiya , #NATO

Aloqador xabarlar