Turkiya prezidenti Rajap Toyyib Erdo’g’an Otaturk qabriga gulchambar qo’ydi

Turkiya prezidenti Rajap Toyyib Erdo’g’an 29 oktyabr Respublika bayrami munosabati bilan Otaturk mavzoleyi joylashgan Anitkabir majmuasini ziyorat qildi.

836284
Turkiya prezidenti Rajap Toyyib Erdo’g’an Otaturk qabriga gulchambar qo’ydi

 

Bugun Turkiyada 29 oktyabr Respublika bayrami nishonlanmoqda.

Turkiya Respublikasining tashkil topganiga 94 yil to’ldi.

Ushbu bayram munosabati bilan butun mamlakat bo’ylab va xorij davlatlardagi diplomatik vakolatxonalarda turli marosimlar o’tkazilmoqda.

Turkiya prezidenti Rajap Toyyib Erdo’g’an bugun bayram munosabati bilan Otaturk mavzoleyi joylashgan Anitkabir majmuasini ziyorat qildi.

Ushbu ziyoratda Rajap Toyyib Erdo’g’anga Turkiya Oliy majlis raisi Ismoil Qahramon, bosh vazir Binali Yildirim, Jumhuriyat xalq partiyasi rahbari Kemal Kilichdarog’li, Milliyatchi harakat partiyasi rahbari Devlet Bahcheli, harbiy bosh shtab raisi Hulusi Akar va harbiy kuch qo’mondonlari, bosh vazir o’rinbosarlari, vazirlar, oliy sud organlari vakillari hamrohlik qildi.

Turkiya prezidenti Rajap Toyyib Erdo’g’an Anitkabir majmuasida Otaturk qabriga gulchambar qo’ydi va majmuadagi Misaki milliy bo’limiga o’tdi.

Rajap Toyyib Erdo’g’an u yerda Anitkabir xotira daftariga o’z tuyg’ularini yozib qoldirdi.

“Evaziga qon to’kilgan Respublikamizning 94 yilligini katta hayajon bilan nishonlab turibmiz. Bizga omonat qilib qoldirilgan Turkiya Respublikasining xatto bir qarich tuprog’i ham katta qahramonliklarga to’la ulkan kurashning asaridir. Istiqlol urushidagi g’alaba natijasida tashkil topgan Respublikamizning ruhi mana 94 yildan beri mavj urib turibdi. “15 iyul demokratiya dostoni” sifatida tarixda qolgan shonli kurashimiz ushbu ruh va irodaning bugungi ifodasidir. Respublikamizning 94 yilligini keng nishonlar ekanmiz, avvalo zoti oliylari va safdoshlaringizni, barcha urush qahramonlarimizni hurmat bilan yodga olaman. Shahidlarimizni Alloh rahmatiga olgan bo’lsin! Respublika bayramingiz muborak bo’lsin!”,-deb yozadi Turkiya prezidenti.

Davlat arboblarining Anitkabir ziyorati o’z nihoyasiga yetgach, vatandoshlar Otaturk qabrini ziyorat qila boshladi.

Bugun Rajap Toyyib Erdo’g’an Respublika bayrami munosabati bilan prezidentlik saroyida tabriklarni qabul qiladi va rasmiy ziyofat beradi.

Bayram tadbirlarida bosh vazir Binali Yildirim ham ishtirok etadi.

Turkiya Respublikasining 94 yilligi munosabati bilan nafaqat mamlakat bo’ylab, balki Shimoliy Kipr Turk Respublikasida va xorijdagi diplomatik vakolatxonalarda marosimlar o’tkazilmoqda.

 

 


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #Respublika bayrami , #Otaturk , #Anitkabir

Aloqador xabarlar