Turk dunyosi umumiy turk alifbosi ustidan kelishib oldi
Joriy yilning 9 - 11 sentabri kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turk dunyosi umumiy alifbo komissiyasining 3 - yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Turk dunyosi 34 ta harfdan iborat umumiy turk alifbosi taklifi ustidan kelishib oldi. Taklif etilayotgan alifbodagi har bir harf turkiy tillarda uchraydigan turli fonemalarni ifodalaydi.
Joriy yilning 9 - 11 sentabri kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turk dunyosi umumiy alifbo komissiyasining 3 - yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Mavzu haqida komissiya tomonidan berilgan bayonotda, mazkur yigʻilish Turk akademiyasi va Turkiya Turk tili jamiyati hamkorligida uyushtirilgani qayd etildi.
Ortidan, umumiy alifbo haqidagi ma’lumotlar va komissiyaning 2 yillik faoliyati tajribalaridan foydalangan holda turkiy tillar uchun umumiy alifbo loyihasi ishlab chiqilgani ifoda etildi.
Bayonotda olimlar tomonidan 1991 - yili ilk bor taklif qilingan lotin asosli mushtarak turk alifbosi loyihasi har tomonlama koʻrib chiqilib, komissiya a’zolari ushbu alifbo loyihasi doirasida ishlab chiqilishi kerak boʻlgan masalalar yuzasidan zarur qarorlar qabul qilgani ta’kidlandi.
Unda shuningdek:
«Ushbu fidokorona ish natijasida 34 ta harfdan iborat umumiy turk alifbosi taklifi yuzasidan kelishuvga erishildi. Taklif etilayotgan alifbodagi har bir harf turkiy tillarda uchraydigan turli fonemalarni ifodalaydi». – deyildi.
Bayonotda yigʻilishning muvaffaqiyatli yakunlanishi tarixiy ahamiyatga ega ekaniga e’tibor qaratilib, «Umumiy Turk alifbosining rivojlanishi turk xalqlari oʻrtasida oʻzaro tushunish va hamkorlikni rivojlantirish bilan birga, ularning til merosini ham saqlab qolishi ta’kidlandi.
Bayonot yakunida, tegishli har bir muassasa taklif qilingan umumiy turkiy alifbo boʻyicha kelishuvning amalga oshirilishini faol qoʻllab - quvvatlashga chaqirildi.