Turkiy davlatlar tashkiloti ichki ishlar vazirlari deklaratsiya imzoladi

O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi delegatsiya Qirg‘iziston Respublikasining Cho‘lpon-Ota shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti ishtirokchi davlatlari ichki ishlar vazirlarining birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.

2184985
Turkiy davlatlar tashkiloti ichki ishlar vazirlari deklaratsiya imzoladi

 

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi delegatsiya Qirg‘iziston Respublikasining Cho‘lpon-Ota shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti ishtirokchi davlatlari ichki ishlar vazirlarining birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Tadbirda O’zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya ichki ishlar vazirlari, shuningdek Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev boshchiligidagi soha mutaxassislaridan iborat delegatsiyalar qatnashdi.

Tomonlar mazkur formatdagi tadbir ishtirokchi mamlakatlar xalqlarining tarixiy aloqalari, umumiy tili, madaniyati va an’analariga asoslanib, turkiy xalqlarning ma’naviy yaqinlashuviga, qardoshlik birligini mustahkamlashga, har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga katta hissa qo‘shishini alohida ta’kidladi.

Tadbir jarayonida ishtirokchilar tashkilot doirasidagi mamlakatlarda jinoyatchilikka, shu jumladan, ekstremizm, odam savdosi, kiberjinoyatlar, narkotik moddalarning noqonuniy muomalasi hamda noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish masalalarini muhokama qilib, ichki ishlar vazirliklarining mazkur yo‘nalishlardagi tegishli bo‘linmalari hamkorligi istiqbollarini belgilab oldi.

Do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan tadbirda tomonlar mazkur formatdagi uchrashuvlar idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishiga alohida urg‘u berib, Turkiy davlatlar tashkiloti ichki ishlar vazirlari birinchi yig‘ilishining deklaratsiyasini imzoladi.

 


Tanlangan kalimalar: #TDT

Aloqador xabarlar