Turkiya va O'zbekiston turizm sohasida hamkorlikni kuchaytirmoqchi
Turkiya madaniyat va turizm vazirligi vakillari bilan O’zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi U.Shadiyev o‘rtasida videokonferensiya orqali uchrashuv o‘tkazildi.
Turkiya madaniyat va turizm vazirligi vakillari bilan O’zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi U.Shadiyev o‘rtasida videokonferensiya orqali uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirda Turkiyada turizm sohasida ilg‘or tadqiqotlarni amalga oshirib kelayotgan Kappadokiya universiteti rektori ham ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida 28-29 avgust kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurgan Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy bilan turizm sohasida erishilgan qator kelishuvlarning bugungi kundagi ijro holati, bajarish mexanizmlari va qisqa muddatli rejalar batafsil muhokama qilindi.
Asosiy e’tibor, vazir Ersoyni qabul qilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan O’zbekistonda turizm sektorini yanada rivojlantirishda Turkiyaning ilg‘or tajribasini tadbiq etish borasida qo‘yilgan topshiriq va vazifalarning sifatli va o‘z vaqtidagi bajarish choralarini ko‘rishga qaratildi.
Jumladan, turk ishbilarmonlari va sarmoyadorlarini O‘zbekistonda turizm infratuzilmasini rivojlantirish va xususiylashtirish loyihalariga faol jalb etish, turk tajribasi asosida turizm sohasi kadrlarini tayyorlash va malakasini oshirish, Kappadokiya universiteti ko‘magida istiqbolli turizm maskanlarining master-rejalarini yaratish bo‘yicha hamkorlik qilish, turizm sohasiga aloqador vazirlik va idoralar (transport, investisiya, marketing, davlat aktivlarini boshqarish va boshqalar) vakillarining Turkiyaga tajriba o‘rganish uchun safarlarini tashkil qilish va boshqa qator masalalar bo‘yicha tegishli kelishuvlarga erishildi.
Bundan tashqari, Mehmet Nuri Ersoy tashrifi yakunlari bo‘yicha ishlab chiqilgan va tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” bandlari alohida muhokama qilindi.