Turkiya madaniyat va turizm vaziri O’zbekistonga tashrif buyurdi
Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.
Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy O’zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.
Suhbat chog’ida so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari barcha sohalar qatori madaniyat va san’at sohasida ham tobora rivojlanayotgani, qardosh davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar oxirgi besh yilda jadal rivojlanish bosqichiga chiqqani ta’kidlandi.
Mehmet Nuri Ersoy Turkiya va O‘zbekiston madaniyatlari tarix davomida bir-biriga ta’sir o‘tkazganligini, bu boy merosni saqlab qolish uchun qo‘shma madaniy tadbirlar tashkil etish, qo‘shma ko‘rgazma va festivallar o‘tkazishni rag‘batlantirish, malaka oshirish va ekspert almashinuv dasturlari bo‘yicha qadam tashlash rejalashtirilganini bildirdi. Oʻzbekistonda hamkorlikda festival va turli tadbirlar tashkil etish niyatida ekanini qo’shimcha qildi.
“O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan xalqaro tadbirlarda Turkiya vakillari doimiy ravishda ishtirok etib kelmoqda”, – dedi O’zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov. – Xususan, joriy yilning iyun oyida Zominda tashkil etilgan Xalqaro maqom san’ati anjumanida Turkiya Prezidenti maslahatchisi Yalchin Topchu ishtirok etgani e’tiborga molikdir.
Shuningdek, ayni kunlarda Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida turkiyalik musiqashunos olimlarning qatnashayotgani hamda xalqaro hay’at a’zoligida Turkiya vakilining ishtirok etayotgani bizni quvontiradi.
Turkiyada boʻlib oʻtadigan madaniyat festivallariga Oʻzbekiston ham qoʻshilishi mumkinligini taʼkidlagan Ersoy, bu kabi faoliyatlarni tashkillashtirish uchun texnik darajada fikr almashish va mumkin bo'lgan hamkorlikni muhokama qilish juda muhim ekanligini va vazir o'rinbosarlari raisligida o'tkaziladigan qo’shma komissiya yig'ilishlarida barcha tafsilotlarni muhokama qilishlari mumkinligini ta'kidladi.
Uchrashuv davomida Mehmet Nuri Ersoy tomonidan 2025 yilda “Turkiya madaniyati kunlari”ni O‘zbekistonda tashkil etish taklif etildi. Uchrashuv yakunida madaniyat va san’at sohasida hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish borasida bir qator masalalar kelishib olindi.
Aloqador xabarlar
Ozarbayjon harbiy mashg‘ulot o‘tkazdi
Ozarbayjon, Naxchivon Muxtor Respublikasida mashg‘ulot o‘tkazdi.
Fidan: Turkiya bilan Oʻzbekiston tarixiy safarini davom ettiradi
Hakan Fidan, Ali Yerlikaya va Ibrahim Kalin bilan O‘zbekistonga amaliy tashrif uyushtirdi.