Turkiy tilli mamlakatlar kinochilari uyushmasi tashkil etildi

Turkiy tilli mamlakatlar kinochilari uyushmasi tashkil etilishi hamkorlikda yangi filmlar yaratish, ko‘plab ijodiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.

2083110
Turkiy tilli mamlakatlar kinochilari uyushmasi tashkil etildi

 

Turkiy tilli mamlakatlar kinochilari uyushmasi tashkil etildi. Shu munosabat bilan Toshkent shahrida tadbir bo'lib o'tdi.

Tadbirda so'zga chiqqan O'zbekiston Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov mamlakatda kino san’atini rivojlantirish masalasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning doimiy e’tiborida ekanini ta’kidladi.

Kinematografiya agentligi buyurtmasiga asosan yil davomida 113 ta kinoloyiha (392 ta kinomahsulot) yaratildi. Shulardan 21 tasi badiiy film, 74 tasi hujjatli film, 10 ta multfilm, 250 qismdan iborat 10 ta serial, 37 tasi qisqa metrajli filmdir. Joriy yilda 2017 yilga nisbatan ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari qariyb 300 foizga oshgan.  

O'zbekistondagi kinoteatrlar soni 87 tani, zamonaviy raqamli formatdagi zallar soni 38 tani tashkil etdi. Joriy yilda xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgan va ishlab chiqarish jarayonida bo‘lgan kinomahsulotlar soni 25 tani tashkil etadi. 2023 yilda O‘zbekistonning turistik salohiyati haqida Turkiya, Rossiya, AQSH va italiyalik hamkorlar bilan birga bir qator filmlar yaratilib, TRT, “Rossiya-Kultura” kabi telekanallar orqali efirga uzatildi. 

Mahalliy hamkorlar bilan birgalikda kinomahsulotlar yaratish bo‘yicha ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Samarqand viloyati hokimligi bilan “Bahodir Yalangto‘sh”, Farg‘ona viloyati hokimligi bilan “Osiyo arsloni”, Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda Pahlavon Mahmud haqida “Xiva Langari” kabi tarixiy qahramonlar haqida badiiy filmlar yaratildi. Shuningdek, zamonaviy kahramonlar haqida turli vazirliklar va idoralar hamkorligida “Uch qahramon” (IIV), “Pandemiya” (SSV), “Qora tuynuk sxemasi” (Soliq qo‘mitasi) singari kinoloyihalarni suratga olish uchun umumiy hisobda 25 milliard so‘m miqdorida mahalliy va xorijiy investitsiya jalb qilindi.  

Joriy yilda respublika bo‘ylab muntazam ravishda “Kino oyliklar”, kinonamoyishlar, bayram tadbirlari, “Kinokarvon” aksiyasi, ijodiy uchrashuvlar o‘tkazildi. Bundan tashqari milliy telekanallarda 10 dan ziyod badiiy, 20 dan ortiq hujjatli filmlarning premeralari o‘tkazildi. Shuningdek, bayram kunlarida, kino oyliklari doirasida 100 ga yaqin filmlar  namoyish  etildi.  Dekabr oyida “Yangi O‘zbekiston – yangi kino” kino kunlari doirasida 20 ta tadbir va 65 ta film namoyishlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mashhur kinoprodyuser va rejissyor Timur Bekmambetov bilan birga “Xo‘ja Nasriddin” global loyihasi amalga oshirilmoqda. Qolaversa, “Bazelevs” kinokompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkentda birinchi xalqaro animatsiya maktabi tashkil etildi. “Matonat maktabi” turkumidan Tokiodagi Paralimpiya o‘yinlari sovrindori, jahon chempioni Asila Mirzayorova haqida animatsion film yaratildi.  

Kinofestival tarixida ilk bor milliy va Markaziy Osiyo filmlari tanlovlari o‘tkazildi. Emir Kusturitsa, Kevin Speysi, Kshishtof Zanussi, Petro Marchello, Aleksandr Sokurov kabi jahonga mashhur kino namoyandalari ishtirokida 50 dan ortiq mahorat darslari va ijodiy uchrashuvlar o‘tdi.

Kinofestival ishtirokchilari bilan birgalikda Prezident nomiga minnatdorlik murojaatnomasi yo‘llandi. Unda Yangi O‘zbekiston kino san’atining yutuqlari alohida e’tirof etildi.  

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Yangi O‘zbekistonning tajribasidan ilhomlangan holda MDH davlatlarida ham xalqaro kinofestivallar tashkil qilinmoqda. Joriy yilda Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Ozarbayjonda ilk bor xalqaro kinofestivallar o‘tkazildi.  

O‘zbekiston tarixiga bag‘ishlangan “Tirik tarix” kinoloyihalar Dasturi bo‘yicha Prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi. Uning muhokamalariga yuqori malakali kinoijodkorlar, tajribali  mutaxassislar va ekspertlar, shuningdek xalqaro va mahalliy jamoatchilik vakillari jalb qilindi. Jumladan, joriy yilning 5-6 noyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Kino va media olami” xalqaro kino-konferensiyasida TURKSOY xalqaro tashkiloti bosh kotibi Sulton Rayev boshchiligida 30 ga yaqin xorijiy mutaxassis qatnashdi.  

Xalqaro tadbirlarni o‘tkazish uchun barcha zamonaviy sharoitlarga ega bo‘lgan “Renessans kino uyi” barpo etildi. Yil davomida ushbu binoda xalqaro va respublika miqyosidagi 200 ga yaqin yirik tadbir o‘tkazildi. Jumladan, “O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi” madaniy meros  haftaligi, “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida 100 dan ortiq uchrashuv va muloqotlar, davra suhbatlari o‘tkazildi.  

Yil davomida Euronews telekanali bilan birgalikda Yangi O‘zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarishlar haqida 500 dan ortiq axborot-xronikal roliklar namoyish etildi.  

Turkiy tilli mamlakatlar kinochilari uyushmasi tashkil etilishi hamkorlikda yangi filmlar yaratish, ko‘plab ijodiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.  

 

 



Aloqador xabarlar