Samarqandda O‘zbekiston va Turkiya ikkinchi ta’lim forumi o‘tkazildi

Tadbirda Turkiya oliy ta’lim kengashi rahbariyati, 40 dan ortiq Turkiyaning nufuzli oliygohlari rektor va prorektorlari hamda 50 dan ortiq O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirok etdi.

2066506
Samarqandda O‘zbekiston va Turkiya ikkinchi ta’lim forumi o‘tkazildi

 

Kuni kecha Samarqand shahrida O‘zbekiston va Turkiya ikkinchi ta’lim forumi o‘tkazildi.

Forumning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim kengashi raisi Odil Abdurahmonov, Turkiya Oliy ta’lim kengashi raisi Erol O‘zvar, Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Olgan Bekar, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari turli sohalarda, jumladan, oliy ta’lim bo‘yicha ham rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

Forumning shoʻba yig‘ilishlari doirasida ikki davlatning oliy taʼlim muassasalari rektorlari ishtirokida B2B shaklida qator hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida ikki davlat universitetlariaro oʻquv va ilmiy sohalarda hamkorlikni kuchaytirish, oliy malakali pedagog-kadrlar tayyorlash, professor-oʻqituvchilar, magistrlar hamda talabalar almashinuvi, pedagoglarni qisqa muddatli stajirovkalarga yuborish, malaka oshirish, hammualliflikda ilmiy loyihalarni amalga oshirish, muhandislik va texnika sohalarida oʻzaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish borasida 70 ga yaqin kelishuv hujjatlari imzolandi.

Tadbir doirasida O. Abdurahmonovning Turkiya Oliy ta’lim kengashi Erol O‘zvar, Ege universiteti rektori Nejdet Budak, Istanbul texnika universiteti rektori Ismail Koyunju, Hajettepe universiteti rektori Mexmet Jaxit Guran bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi.

Forum yakunida memorandum imzolandi. Shuningdek, “Yo‘l xarita”sini imzolash hamda forum rezolyutsiyasini qabul qilish marosimi o'tkazildi.

Eslatma: O‘zbekiston-Turkiya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining birinchi forumi 2022 yil 9-10 iyun kunlari Turkiyaning Izmir shahrida tashkil etilgan. Mazkur forum yakunlari bo‘yicha, ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 45 ta hamkorlik shartnomalari imzolangandi.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar