Istanbulda TDT temir yo‘l maʼmuriyatlari rahbarlari uchrashdi

O‘zbekiston Transport vazirligining maʼlumotiga ko‘ra, unda o‘zaro va umumiy hamkorlikning bir qator muhim masalalari muhokama qilindi.

2040035
Istanbulda TDT temir yo‘l maʼmuriyatlari rahbarlari uchrashdi

 

Istanbulda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) temir yo‘l maʼmuriyatlari rahbarlarining ikkinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Transport vazirligining maʼlumotiga ko‘ra, unda o‘zaro va umumiy hamkorlikning bir qator muhim masalalari muhokama qilindi.

Majlisda TDT bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev, “Turkiya davlat temir yo‘llari” transport aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi va bosh direktori (TCDD Taşımacılık A. Ş.) Ufuk Yalchin, “Qirg‘iziston temir yo‘li” davlat korxonasi bosh direktori Azamat Sakiyev, “Azerbaycan Dəmir yollari” YAJ boshqaruvi raisining o‘rinbosari Iqbol Guseynov va “Qazaqstan temir joli” AJ strategiyasi bo‘yicha boshqaruv raisining o‘rinbosari Anuar Axmetjanov ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida muhokama qilingan masalalardan biri 2022 yil dekabr oyida Turkiyadan O‘zbekistonga birinchi yuk yo‘nalishli poyezdini ishga tushirish bo‘ldi. Uchrashuv ishtirokchilari TDTning boshqa aʼzo davlatlar va kuzatuvchi davlatlar o‘rtasida shunga o‘xshash yo‘nalishli poyezdlarini tashkil etish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladilar.

Shuningdek, TDT doirasida iqtisodiy jihatdan samarali va o‘z vaqtida xalqaro temir yo‘l yo‘laklarini yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi. Ishtirokchilar multimodal transport yo‘nalishlarini, xususan, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘l liniyasini rivojlantirish muhimligini taʼkidladilar. Ushbu yo‘lak TDTga aʼzo davlatlar va qo‘shni mintaqalar o‘rtasidagi savdo va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash uchun katta imkoniyatlarga ega. Shuningdek, TDT hududida muqobil, iqtisodiy jihatdan samarali va o‘z vaqtida xalqaro temir yo‘l yo‘laklarini yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Temir yo‘l infratuzilmasini strategik rivojlantirish va meʼyoriy-huquqiy bazani takomillashtirish ham muhokama mavzusiga aylandi. Uchrashuv ishtirokchilari muammolar va kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi to‘g‘risida kelishib oldilar.

Uchrashuv natijasida TDTga aʼzo davlatlar temir yo‘l maʼmuriyatlari rahbarlarining uchinchi uchrashuvini o‘tkazish vaqti va joyini aniqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu temir yo‘l transporti sohasida konstruktiv muloqot va hamkorlikni davom ettirish hamda ushbu muhim sohani yana-da rivojlantirish uchun yangi strategiya va loyihalarni ishlab chiqish imkonini beradi.


Tanlangan kalimalar: #Istanbul , #TDT

Aloqador xabarlar