Xalqaro etnosport festivali boshlandi
Oʻzbekistonda ilk marotaba Xalqaro etnosport festivaliga start berildi.

Oʻzbekistonda ilk marotaba Xalqaro etnosport festivaliga start berildi. Bu haqida, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi ma’lumot boʻlishdi.
Ushbu ma’lumotga koʻra mazkur festival 3 kun davom etadi. Buning uchun Xorazm viloyatida katta tayyorgarlik koʻrildi. Festivalda YUNESKO, TURKSOY, Butunjahon etnosport konfederatsiyasi, unga aʼzo davlatlarning hukumat vakillari, Islom hamkorlik tashkiloti hamda dunyoning 63 ta davlatidan jami 1 ming 900 nafar sportchi ishtirok etadi.
Qayd etilishicha festival doirasida “Ichan qalʼa” majmuasi hamda uning atrofidagi maydonlarda belbogʻli kurash boʻyicha xalqaro turnir, oʻzbek jang sanʼati, mass resling, bahodirlar oʻyini va tosh koʻtarish boʻyicha jahon chempionatlari, kamondan otish boʻyicha xalqaro ochiq turniri, milliy kurash, bel olish va uch kurash, Turon yakkakurashi, qushlar ovi va ot sporti turlari boʻyicha koʻrgazmalar, mohir oshpazlar ishtirokida osh chempionati, milliy ovqatlar va qovun sayli kabi tadbirlar oʻtkaziladi.
Shuningdek, Butunjahon etnosport konfederatsiyasining “Meros bilan bogʻlangan, etnosport bilan birlashgan” shiori ostida etnosport sammiti, Butunjahon etnosport konfederatsiyasi Ijroiya qoʻmitasi aʼzolarining uchrashuvi va Xalqaro etnosport festivali paradi ham tashkil etiladi.
Ayni damda Xorazmga Turkiya, Mongoliya, Slovakiya, Rossiya Federatsiyasi, Avstraliya, Ozarbayjon, Janubiy Koreya, Hindiston, Misr, Polsha, Qozogʻiston, Tojikiston, Serbiya, Bangladesh, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Malayziya, Singapur, Kipr, Ummon, Eron, Pokiston, Isroil, Fransiya, Gruziya, Zimbabve, Litva, Ruminiya, AQSH, Vengriya, Tunis, Italiya, Tayland, Armaniston, Iordaniya, Indoneziya, Afgʻoniston, Avstriya, Angliya, Argentina, Belarus, Bolgariya, Birlashgan Arab Amirligi, Braziliya, Gretsiya, Jazoir kabi davlatlardan xorijiy delegatsiyalar aʼzolari va mehmonlar tashrif buyurmoqda.
Xiva shahridagi “Farovon” mehmonxonasida Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, Ozarbayjon Respublikasi yoshlar va sport vaziri Farid Gaipov hamda Rossiya Federatsiyasi sport vaziri Oleg Matısin ishtirokida xalqaro va mahalliy OAV vakillari uchun matbuot anjumani oʻtkazildi. Anjumanda Xalqaro etnosport festivalini tashkil etish bilan mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni mustahkamlash, turli xalqlarning milliy sport oʻyinlarini ommalashtirish va shu orqali turizmni rivojlantirish koʻzda tutilganligi taʼkidlandi.
Aloqador xabarlar

Shusha shahri Islom olamining madaniy poytaxti deb eʼlon qilindi
Bu haqda Ozarbayjon Madaniyat vazirligi tomonidan berilgan yozma bayonotda qayd etilgan.