O'zbekiston Bank-moliya akademiyasi vakillari Turkiyada malaka oshiradi

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi hamda Turkiya Respublikasi Markaziy banki rasmiylari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar jarayonida ma’lum qilindi.

1964086
O'zbekiston Bank-moliya akademiyasi vakillari Turkiyada malaka oshiradi

 

Mazkur kelishuvning amalga oshirilishi akademiyada raqamli iqtisodiyot talablariga mos keladigan malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatdan yangi darajaga ko‘tarish va xorijiy ilg‘or tajribani chuqur o‘rganish imkoniyatini beradi.

Turkiya Markaziy bankida tashkil etiladigan malaka oshirish kurslari davomida vakillarimiz samarali boshqaruv tizimi, inson resurslarini boshqarishning zamonaviy amaliyoti, bank-moliya sohasida karera va samaradorlikni boshqarish kabi yo‘nalishlarda amaliy tajribani o‘zlashtiradi.

Shuningdek, Turkiya Markaziy banki ekspertlar guruhining amaliy tashrifi doirasida Bank-moliya akademiyasi, Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, Turkiya Respublikasi Markaziy banki va "Ziraat Bank Uzbekistan" AJ rasmiylari o‘rtasida muloqotlar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda bank-moliya sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi. Birgalikda tadqiqot faoliyatini olib borish, trening, seminar va ekspertlar tashrifini muntazam tashkil etib borish borasida o‘zaro kelishuvga erishildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Turkiya Markaziy banki ekspertlar guruhi bilan hamkorlikda “Bank tizimi barqarorligi: siyosat, tahdidlar va imkoniyatlar” nomli qisqa muddatli kurs tashkil etildi.

Akademiya professor-o‘qituvchilari, tinglovchilari va mamlakatimiz bank-moliya tizimi xodimlari uchun o‘tkazilgan mazkur intensiv kursda raqamli valyutalar, banklarning iqtisodiyotdagi o‘rni, iqlim o‘zgarishining moliyaviy, ijtimoiy iqtisodiy ta’siri, kredit risklarini boshqarish bo‘yicha Turkiya tajribasi va xalqaro amaliyot haqida keng ma’lumotlar berildi.

Shu tariqa Bank-moliya akademiyasining xalqaro hamkorlari safi yana bittaga ko‘paydi. bugungi kunda akademiya xodimlari Yaponiya, Malayziya, Chexiya, Turkiya, Rossiya kabi davlatlarning ilmiy-tadqiqot va moliya muassasalarida stajirovka o‘tash imkoniyatiga ega. Bu kadrlarning nafaqat bilim, balki tajriba oshirishiga ham yordam beradi.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar