Mustafo Shentop O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi bilan muloqot qildi
Turkiya Buyuk Millat Majlisi Raisi Mustafo Shentop hamkasbi Tanzila Norboyevani va u orqali butun o‘zbek xalqini yaqinlashayotgan Navro‘z ayyomi hamda kirib kelayotgan muborak Ramazon oyi bilan muborakbod etdi.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva va Turkiya Buyuk millat majlisi Raisi Mustafo Shentop o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.
Muloqot avvalida Senat Raisi Turkiyaning janubiy-sharqiy qismidagi viloyatlarda yuz bergan kuchli zilzila oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani va jabr ko‘rgani, mamlakat nihoyatda katta talafotlar olgani munosabati bilan birodar Turkiya xalqiga, vafot etganlarning oilalari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirib, tabiiy ofat oqibatida jarohat olganlarga tez fursatda sog‘ayib ketishlarini tiladi.
Tanzila Norboyeva Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbus va takliflarni Turkiya davlati qo‘llab-quvvatlashi xalqlarimizning ko‘p yillik yaqin qardoshlik aloqalari va sa’y-harakatlari mushtarakligining yana bir muhim tasdig‘i ekanini hamda bunda parlamentlararo aloqalar mamlakatlar o‘rtasidagi barcha darajadagi aloqalarni rivojlantirishda muhim mexanizmlardan biri hisoblanishini ta’kidladi.
Muloqot chog‘ida Oliy Majlis Senati hamda Turkiya parlamenti o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish istiqbollariga oid masalalar muhokama qilindi. Xususan, ikki mamlakatning hamkorlik borasida yuqori darajada belgilangan vazifalar ijrosida parlament diplomatiyasi imkoniyatlarini kuchaytirish zaruratiga to‘xtalib o‘tildi.
Samimiy va do‘stona ruhda kechgan suhbatda Turkiya Buyuk Millat Majlisi Raisi Mustafo Shentop hamkasbi Tanzila Norboyevani va u orqali butun o‘zbek xalqini yaqinlashayotgan Navro‘z ayyomi hamda kirib kelayotgan muborak Ramazon oyi bilan muborakbod etdi.
Suhbat yakunida tomonlar ikki qardosh xalq o‘rtasida o‘rnatilgan ochiq, chinakam qardoshlik munosabatlarini, do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashda bor imkoniyatlarni ishga solishlarini bildirib o‘tdilar.