Anqarada TDTga a'zo mamlakatlar Davlat rahbarlari sammiti bo'lib o'tmoqda
Erdo‘g‘an mezbonligida bo‘lib o‘tadigan sammitda TDTga a’zo va kuzatuvchi davlatlarning davlat va hukumat rahbarlari hamda TDT Bosh kotibi ishtirok etadi.

Bugun, 16 mart kuni Turkiya poytaxti Anqarada Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlarining navbatdan tashqari sammiti bo‘lib o‘tadi. Sammit Ozarbayjon taklifi bilan o‘tkazilishiga qaror qilingan.
Prezident qarorgohida Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an mezbonligida bo‘lib o‘tadigan sammitda TDTga a’zo va kuzatuvchi davlatlarning davlat va hukumat rahbarlari hamda TDT Bosh kotibi ishtirok etadi.
“Favqulodda vaziyatlarni boshqarish va insonparvarlik yordami” mavzusiga bag‘ishlangan sammit, Turkiyaning janubiy va janubi-sharqiy mintaqalarida sodir bo‘lgan zilzila falokati tufayli yuzaga kelgan favqulodda kun tartibining eng yuqori darajada muhokama qilinadigan platformasini yaratadi. Rahbarlar tabiiy ofatlarga qarshi kurashda tashkilot doirasida mustahkam ko‘p tomonlama hamkorlik va muvofiqlashtirish mexanizmlarini o‘rnatishga e’tibor qaratadilar hamda mintaqadagi dolzarb muammolar yuzasidan maslahatlashadilar.
“Ma’lumki, Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi davlatlar katta birdamlik ko‘rsatib, Turkiyaga yordam berish uchun safarbar bo‘ldi va bu davrda yuborgan qidiruv-qutqaruv guruhlari va insonparvarlik yordamlari bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalari mustahkamlandi”, deyiladi TDT xabarida.
Sammit dasturi yakunida davlat rahbarlari Anqara deklaratsiyasini imzolaydilar.
TDT Tashqi ishlar vazirlari kengashi 16 mart kuni ertalab Anqarada yig‘ilib, Davlat rahbarlari muhokama qiladigan kun tartibi masalalari bo‘yicha yakuniy ishlarni amalga oshirdi.
Favqulodda sammitga janob Binali Yildirim raisligidagi TDT Oqsoqollar Kengashi a’zolari hamda Turk Hamkorlik Tashkiloti Prezidentlari va Bosh Kotiblari ishtirok etadi.
Ma’lumot uchun, Turkiy Davlat Tashkiloti Qozog‘iston Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon a’zoligidagi tashkilot bo‘lib, Turkmaniston, Vengriya va Shimoliy Kipr Turk Respublikasi tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega. Tashkilotning so‘nggi sammiti 2022 yilning 11 noyabr kuni Samarqandda o‘tkazilgan edi.
Aloqador xabarlar

Ozarbayjon ayrim nuqtalarni nazorat ostiga oldi
Ozarbayjon, Arman ishgʻoliga qarshi ayrim nuqtalarni nazorat ostiga oldi.