Qozog‘istonda parlament tarqatib yuborildi va saylov sanasi belgilandi

Bu haqdagi tegishli farmon bugun, 19 yanvar kuni respublika Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev tomonidan imzolandi.

1935269
Qozog‘istonda parlament tarqatib yuborildi va saylov sanasi belgilandi

 

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev yettinchi chaqiriq Qozog‘iston parlamenti Majlisini tarqatib yubordi, shuningdek, 2023 yil 19 martga parlament deputatlarining muddatidan oldin saylovlarini belgiladi.

Bu haqdagi tegishli farmon bugun, 19 yanvar kuni respublika Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev tomonidan imzolandi. 

“Qaror qilaman: yettinchi chaqiriq Qozog‘iston Respublikasi parlamenti Majlisi tarqatib yuborilsin. 2023 yil 19 martga Qozog‘iston Respublikasi parlamenti majlisi deputatlarining navbatdan tashqari saylovi tayinlansin”, deyiladi hujjatda.

"Deputatlarning yangilangan tarkibi bundan keyin ham xuddi shu formatda ish olib borishiga va mamlakatimizni har tomonlama modernizatsiya qilishga yangi sur’at bag‘ishlashiga umid bildiraman. Majlis deputatlarining navbatdan tashqari saylovi 2023 yil 19 martda bo‘lib o‘tadi", — dedi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, parlamentga navbatdan tashqari saylovlarni o‘tkazish fuqarolar tomonidan umumxalq referendumida qo‘llab-quvvatlangan konstitutsiyaviy islohot mantig‘idan kelib chiqadi.

"Endi parlament deputatlarining 70 foizi partiyaviy ro‘yxatlar bo‘yicha, 30 foizi esa bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha saylanadi. Aralash saylov tizimiga ko‘ra, 50/50 nisbatda viloyatlar va respublika ahamiyatiga molik shaharlar maslahatiga deputatlar saylovi ham o‘tkaziladi. Tumanlar va viloyat ahamiyatidagi shaharlar maslahatiga saylovda esa fuqarolar faqat bir mandatli okruglar bo‘yicha nomzodlar uchun ovoz beradi", — dedi To‘qayev.

Bundan tashqari, To‘qayev barcha darajadagi mahalliy vakillik organlari vakolatlarini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risidagi farmonni ham imzoladi.

Markaziy saylov komissiyasiga navbatdan tashqari deputatlar saylovini tayinlash, unga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni tashkil etish choralarini ko‘rish topshirildi. 

Ma’lumot uchun, o‘tgan parlament saylovi 2021 yil 10 yanvarda bo‘lib o‘tgandi. Uning natijalariga ko‘ra, hukmron “Nur Otan” (keyinchalik “Amanat” nomi o‘zgartirilgan) partiyasi 71,09 foiz, Qozog‘iston Xalq partiyasi 9,10 foiz, “Ak Jol” partiyasi 10,95 foiz ovoz to‘plagan. Saylovda qatnashgan yana ikki partiya 7 foizdan kam ovoz olib, parlament tarkibiga kirgizilmagan.

 

 

 



Aloqador xabarlar