Shavkat Mirziyoyev MDHning norasmiy sammitida ishtirok etdi
Sankt-Peterburg shahrida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin tashabbusi bilan MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin tashabbusi bilan o‘tkazilgan MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati o‘zining rasmiy saytida ma’lumot bo‘lishdi.
Ushbu ma’lumotga ko‘ra sammitda, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan ham qatnashdi.
Unda, joriy yildagi hamkorlik yakunlari sarhisob qilinar ekan ayni vaqtda bo‘lajak 2023-yil uchun ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
“Bugungi kunda O‘zbekiston MDH doirasidagi hamkorlikni uch yo‘nalishda: siyosat va xavfsizlik borasida, iqtisodiy va gumanitar sohalarda rivojlantirmoqda.
MDH makonida to‘laqonli erkin savdo hududini shakllantirish va transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash ustuvor vazifalardir.
Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, oziq-ovqat, energetik va ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan milliy dastur va strategiyalarni amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Keyingi yillarda O‘zbekiston Hamdo‘stlik faoliyatidagi ishtirokini faollashtirdi, 40 dan ortiq ko‘p tomonlama bitimlarni imzoladi hamda MDHning 23 ta tarmoq organlariga qo‘shildi.
2022-yilda O‘zbekistonning Hamdo‘stlik mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashi uchdan bir hissaga ortdi, 1 mingdan ziyod qo‘shma korxonalar tashkil etildi”. – deyiladi xabarda.