Turkiya va O'zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni rivojlantirmoqchi
Turkiya Respublikasi qishloq xo‘jaligi va qishloq hududlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash tashkiloti prezidenti M.Adak rahbarligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Dunyoda yetishtirilayotgan jami findik, gilos, anjir, o‘rik kabi mevalarning asosiy qismi Turkiya davlatida yetishtirilishidan ko‘pchilikning xabari bor.
Shu bois O‘zbekiston Turkiya bilan yengil sanoat, kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika kabi yo‘nalishlar bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va eksportni kengaytirish borasida keng hamkorlik qilmoqda.
Bu borada Istanbul shahrida ochilgan O‘zbek – Turk savdo uyi imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalanish imkonini berishi shubhasiz.
Bu boradagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida O'zbekistonga tashrif buyurgan Turkiya Respublikasi qishloq xo‘jaligi va qishloq hududlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash tashkiloti prezidenti M.Adak rahbarligidagi delegatsiya O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.Xaitov, Kengash huzuridagi Jamg‘arma ijrochi direktori va rais o‘rinbosari T.Sattarov bilan muloqotda bo‘ldi.
Uchrashuvda tashkilotlarning asosiy vazifalari va amalga oshirayotgan dasturlari, qishloq xo‘jaligida innovatsiyalarni joriy etishda hamkorlik masalasi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, fermer va dehqon xo‘jaliklarida o‘zaro manfaatli aniq loyihalarni amalga oshirish va jadallashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.