Turkiy davlatlar tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Tadbir yakunida TDTga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yig‘ilishini 2023-yilda Qozog‘istonda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

1905190
Turkiy davlatlar tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

 

Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkiya, Vengriya va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari, TDT Bosh kotibi hamda TDT tuzilmalari – TURKSOY, TurkPA, Xalqaro turkiy akademiya, Xalqaro turkiy madaniyat va merosi fondi rahbarlari ishtirok etdilar.

Vazirlar do‘stona va konstruktiv ruhda Tashkilot doirasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yana-da rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Turkiya tomonining o‘tgan yilda Tashkilotdagi raisligi samarali va muvaffaqiyatli bo‘lgani qayd etildi.

Ishtirokchilar 2022-yil 11-noyabr kuni Samarqand shahrida “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlikka birgalikda" mavzusida bo‘lib o‘tadigan TDT Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishi kun tartibi va ko‘rib chiqish uchun taqdim etilayotgan hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqib, kelishib oldilar.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri ishtirokchilarni 2021-yilda Turkiy kengash nomi Turkiy davlatlar tashkilotiga o‘zgartirilgandan keyingi birinchi sammit bo‘ladigan davlat rahbarlarining uchrashuviga tayyorgarlik haqida maʼlumot berdi.

Davlat rahbarlarining bo‘lajak uchrashuvi turkiy davlatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning yangi ufqlari va istiqbollarini ochishga xizmat qiladi. “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konsepsiyasini amalga oshirish doirasida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan TDT strategiyasining qabul qilinishi ushbu tadbirning muhim voqeasi bo‘ladi. Hujjatning amalda tatbiq etilishi TDT mamlakatlari o‘rtasida turli sohalarda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Uchrashuvda tashqi ishlar vazirlari jahonda ro‘y berayotgan voqealarning jadalligi va xalqaro munosabatlardagi o‘zgarishlar TDTni zamonaviy voqelikka doimiy moslashtirish zaruriyatini taqozo etishini taʼkidladilar. Ishtirokchilar bugungi kunning tobora kuchayib borayotgan tahdidlarini bartaraf etish bo‘yicha saʼy-harakatlarni birlashtirish maqsadida strategik masalalar bo‘yicha tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish zarurligiga eʼtibor qaratdilar.

Vazirlar o‘z nutqida ochiqlilik, tenglik va o‘zaro hurmat tamoyillariga, shuningdek, TDT doirasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirishning mutloq tarafdori ekanliklarini taʼkidladilar. Ular TDT makonida xavfsizlik va barqarorlikni saqlash va mustahkamlashning eng muhim omillaridan biri Afg‘onistondagi vaziyatni tez fursatlarda tartibga solish haqidagi pozitsiyani yana bir bor tasdiqladilar.

Vazirlar TDT Bosh kotibi va tashkilotga qarashli xalqaro tuzilmalar rahbarlarining o‘tgan yildagi maʼlumotlarini tingladilar.

Tadbir doirasida bir qator muhim hujjatlar imzolandi.

Yig‘ilishda TDTning joriy faoliyatining boshqa dolzarb masalalari ham muhokama qilindi.

Tadbir yakunida TDTga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yig‘ilishini 2023-yilda Qozog‘istonda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.



Aloqador xabarlar