Mirziyoyev bilan Japarov Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasidagi voqealar yuzasidan fikr almashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov telefon orqali muloqot qildi.

1882618
Mirziyoyev bilan Japarov Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasidagi voqealar yuzasidan fikr almashdi

Kecha, 20-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov telefon orqali muloqot qildi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati ma’lumot bo‘lishdi.

Ushbu ma’lumotga ko‘ra muloqot chog‘ida, Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida yaqinda yuz bergan fojiali voqealar yuzasidan fikr almashilgan. Shavkat Mirziyoyev, qurbon bo‘lganlarning oilalari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirib, vaziyatning avj olishini to‘xtatish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlarga erishilganini chin dildan olqishlagan.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida o‘tkazilgan tadbirlarning sermahsul yakunlarini ham muhokama qilganlar.

Ustuvor yo‘nalishlardagi kooperatsiya loyihalari bo‘yicha kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish, shu jumladan “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish loyihasini ilgari surish muhimligi esa alohida ta’kidlangan.

Bo‘lajak oliy darajadagi, shu jumladan mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi uchrashuvlarga tayyorgarlikning borishi ham ko‘rib chiqilgan.



Aloqador xabarlar