Nyu-Yorkda Ozarbayjon va Armaniston TIV rahbarlari uchrashuvi bo'lib o'tdi

Bu Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha mojaroning so‘nggi keskinlashuvi boshlanganidan beri tomonlar o‘rtasidagi ilk to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar bo‘ldi.

1882110
Nyu-Yorkda Ozarbayjon va Armaniston TIV rahbarlari uchrashuvi bo'lib o'tdi

 

Ozarbayjon va Armaniston oʻrtasidagi toʻqnashuvlar soʻnggi kunlarda avj olgan boʻlsa-da, ikki davlat oʻrtasidagi tig’iz diplomatik muloqot Amerika Qoʻshma Shtatlarining Nyu-York shahrida boʻlib oʻtdi.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken kecha, 19 sentyabr kuni Nyu-Yorkda Armaniston va Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirlari Ararat Mirzoyan va Jayxun Bayramov bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazdi. Bu Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha mojaroning so‘nggi keskinlashuvi boshlanganidan beri tomonlar o‘rtasidagi ilk to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar bo‘ldi.

Uchrashuv oldidan jurnalistlarga qisqacha brifing bergan Entoni Blinken Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan oxirgi uchrashuvida har ikki yetakchi ham tinchlikka tayyor ekanligini ta’kidlaganligini bildirdi.

Uning ta’kidlashicha, Vashington janglar to‘xtagani va so‘nggi bir necha kun ichida harbiy harakatlar bo‘lmaganidan mamnun.

“Kuchli, barqaror diplomatik aloqalar hamma uchun ham eng yaxshi yoʻl. Armaniston va Ozarbayjon oʻrtasidagi kelishmovchiliklarga harbiy yechim yoʻq. Lekin men oʻylaymanki, kelishmovchiliklarni diplomatik yoʻl bilan hal qiladigan mustahkam tinchlikka imkon bor. Qoʻshma Shtatlar bu sa'y-harakatlarni qo'llab-quvvatlash uchun qo'lidan kelganicha xizmatga tayyor”,-dedi Blinken.

Vashington tashqi idorasi matbuot kotibi Ned Prays aytishicha, Blinken Mirzoyan va Bayramov bilan uchrashuvda mojaro chog‘ida insonlarning halok bo‘lgani munosabati bilan ikki mamlakat rasmiylariga hamdardlik bildirgan va bundan keyin harbiy harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik zarurligini ta’kidlagan.

“Ular keyingi tashlanadigan qadamlarni muhokama qildi, Davlat kotibi esa tomonlarni oy oxirigacha yana bir bor uchrashishga chaqirdi”, deydi Prays.

 

 


Tanlangan kalimalar: #Armaniston , #Ozarbayjon

Aloqador xabarlar