TDT bosh kotibi Bag'dod Amreyev O'zbekiston prezidentiga tabrik yo'lladi
"O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan Turkiy davlatlar tashkiloti nomidan va o‘z nomimdan Sizga hamda qardosh O‘zbekiston xalqiga tabrigimni, ezgu tilaklarimni yo‘llashdan benihoyat mamnunman", deyiladi tabriknomada.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident Janobi Oliylari!
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan Turkiy davlatlar tashkiloti nomidan va o‘z nomimdan Sizga hamda qardosh O‘zbekiston xalqiga tabrigimni, ezgu tilaklarimni yo‘llashdan benihoyat mamnunman.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotda ulkan marralarni zabt etayotganligini hamda xalq farovonligini oshirish borasida salmoqli yutuqlarga erishganligini alohida ta’kidlash lozim. Mamlakatni modernizatsiya qilish, davlatchilikni mustahkamlash va uning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlaringiz yuksak tahsinga loyiqdir.
Shuni qat’iyat bilan ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston tashkilotimizning to‘laqonli a’zosiga aylanganidan so‘ng Turkiy davlatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik yangi marralarga erishmoqda.
Ishonchim komilki, O‘zbekistonda rejalashtirilayotgan tarixiy sammit tinchlikni yanada mustahkamlaydi, umumiy tilimiz, dinimiz va an’analarimizga asoslangan ko‘p asrlik qardoshlik rishtalari bilan bog‘langan turkiy xalqlarni yanada yaqinlashtirishga hissa qo‘shadi.
Fursatdan foydalanib, ushbu ajoyib damlarda Siz, Janobi Oliylariga sihat-salomatlik, mas’uliyatli faoliyatingizda omad, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa farovonlik va ravnaq tilayman.
Chuqur hurmat va ehtirom ila,
Bag‘dod AMREEV,
Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi