Turkiya savdo vaziri Mehmet Mush O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari bilan uchrashdi

Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro savdoni faollashtirishga qaratilgan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdi.

1863225
Turkiya savdo vaziri Mehmet Mush O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari bilan uchrashdi

 

O‘zbekiston Bosh vazirinig o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Turkiya savdo vaziri Mehmet Mush bilan uchrashdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi maʼlum qilishicha, uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro savdoni faollashtirishga qaratilgan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdi.

Taʼkidlanishicha, so‘nggi besh yil ichida o‘zaro savdo hajmi ikki baravar o‘sdi va 2021 yilda 3,4 milliard dollarga etdi. O‘zbekiston-Turkiya tovar ayirboshlash hajmini 2023 yilda 5 milliard dollarga, yaqin istiqbolda esa 10 milliard dollarga yetkazish maqsadida ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni davom ettirishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.

Shu nuqtai nazardan, tomonlar yaqin kelajakda Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish uchun uni kelishish jarayonini tezlashtirishga kelishib oldilar. Shuningdek, savdo to‘siqlarini bartaraf etish, savdo operatsiyalarini amalga oshirishda bojxona tartib-qoidalarini soddalashtirish va ushbu sohada raqamli yechimlarni joriy etish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar belgilandi.

Uchrashuv ishtirokchilari transport-logistika sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar. Ikki mamlakat o‘rtasida avtomobil va havo transporti orqali yuk tashish ko‘rsatkichlarining ijobiy dinamikasini hisobga olgan holda, tomonlar transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va tranzit yuk tashish hajmini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish muhimligi to‘g‘risida yakdil fikrga keldi.

Uchrashuv yakunida tomonlar eʼlon qilingan tashabbuslarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha navbatdagi saʼy-harakatlarni hamda ko‘rib chiqilgan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish yo‘llarini belgilab oldi.


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #Mehmet Mush

Aloqador xabarlar