Toshkentda SHHTga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashi yig'ilishi bo'lib o'tdi

Tadbirda tashkilotga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, sanoat, energetika, turizm, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

1861279
Toshkentda SHHTga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashi yig'ilishi bo'lib o'tdi

 

Bugun Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashi o‘z ishini boshladi.

Anjumanda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vladimir Narov, Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Muxtor Tileuberdi, Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev, Hindiston tashqi ishlar vaziri Subrahmanyam Jaishankar, Pokiston tashqi ishlar vaziri Bilaval Bxutto Zardariy va ShHT Bosh kotibi Chjan Min ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov ochib berdi.  U o'z maʼruzasida SHHT makonida barqarorlikni taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

"So‘nggi voqealar SHHTning jo‘g‘rofiy  yadrosi bo‘lgan Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotni taʼminlashning alohida ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi, - dedi Vladimir Norov. - Kuni kecha Cho‘lpon-Ota shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi natijalari mintaqa davlatlari Markaziy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va taraqqiyotni taʼminlash maqsadida ishonchli hamda o‘zaro manfaatli munosabatlarni yana-da mustahkamlashga qatʼiy qaror qilganidan dalolat beradi.

Shubha yo‘qki, Markaziy Osiyodagi ijobiy jarayonlar SHHT makonini barqarorlik, taraqqiyot, farovonlik va samarali hamkorlik mintaqasiga aylantirishga xizmat qiladi".

Vladimir Norov SHHT TIVK yig‘ilishidagi nutqi davomida tashkilot rivojlanishidagi yangi bosqich uning kengayishidagi ikkinchi to‘lqin boshlanishi bilan tarixda qolishini bayon qildi.

"O‘zbekiston buni tashkilotimiz evolyutsiyasidan dalolat beradigan tabiiy jarayon, deb biladi. Eron Islom Respublikasining to‘la huquqli aʼzo bo‘lishi yo‘lida erishilgan muvaffaqiyatni qayd etishni istar edim. Belarus Respublikasining arizasini o‘rganish jarayoni boshlandi. Misr, Saudiya Arabistoni va Qatarga SHHTning muloqot bo‘yicha sherik maqomini berish to‘g‘risidagi memorandumlar imzolanishga tayyor.

Shuningdek, Samarqand sammitida Bahrayn va Maldivga muloqot bo‘yicha sherik maqomini berishni boshlash bo‘yicha qaror qabul qilish ham ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja va Nepalga SHHT huzurida kuzatuvchi maqomini berish masalasida konsolidatsiyalashgan yondoshuvlarni ishlab chiqishimiz ham kerak bo‘ladi",-dedi Vladimir Norov.

Tadbir doirasida tashkilotga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, sanoat, energetika, turizm, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, vazirlar ushbu sohalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlarini imzoladilar. 

15-16 sentyabr kunlari O‘zbekistonning Samarqand shahrida ShHT Davlat rahbarlari sammiti bo‘lib o‘tishini eslatgan Norov, tashkilotga a’zo davlatlardan tashqari, kuzatuvchi davlat bo‘lgan Belarus, Eron, Mo‘g‘uliston va mehmon sifatida taklif etilgan Turkmaniston prezidentlari ham ushbu sammitda ishtirok etishini ma'lum qildi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashi delegatsiyalarini qabul qildi.

2001-yil 15-iyunda tashkil etilgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar qatoriga Xitoy, Rossiya, Qirgʻiziston, Tojikiston, Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Hindiston va Pokiston kiradi. Turkiya 2012 yilda tashkilotning dialog hamkoriga aylandi.

Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashining yig‘ilishi o'z nihoyasiga yetdi.



Aloqador xabarlar