Anqarada "O‘zbekiston – islom tamadduni markazi" mavzusida anjuman o'tkazildi

O‘zbekiston Xalqaro Islom akademiyasi va Turkiya Strategik tafakkur instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Anqara universiteti Ilohiyot fakulteti professori So‘nmez Kutlu ma'ruza qidi.

1833622
Anqarada "O‘zbekiston – islom tamadduni markazi" mavzusida anjuman o'tkazildi

 

O'zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston Xalqaro Islom akademiyasi va Turkiya Strategik tafakkur instituti bilan hamkorlikda Anqara shahrida "O‘zbekiston – islom tamadduni markazi" mavzusiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.

Tadbirda maʼruza bilan qatnashgan O'zbekiston akademiyasi professor-o‘qituvchilari buyuk ajdodlarning jahon tamadduni, diniy va dunyoviy ilmlar rivojiga qo‘shgan hissasi, "Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans" shiori ostida bugungi kunda mamlakatda kuzatilayotgan umummilliy yuksalish haqidagi atroflicha maʼlumotlarni o‘rtoqlashdilar.

Turkiya vakillari buyuk allomalarning ulkan ilmiy, diniy-maʼnaviy merosini chuqur o‘rganish maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Buxoriy va Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston Xalqaro Islom akademiyasi va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazlari singari ilm-maʼrifat maskanlarining ahamiyatini alohida eʼtirof etdilar.

Anqara universiteti Ilohiyot fakultetining professori So‘nmez Kutlu o‘z maʼruzasida O‘zbekiston – tom maʼnoda tamaddunlar chorrahasi, Islom sivilizatsiyasning markazida joylashganiga eʼtibor qaratdi.

-Tarixda Bog‘dod, Andalusiya kabi ilm markazlari qatori Movarounnahr maʼrifat havzasida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan, - dedi u. - Qoraxoniylar davrida bir shaharda 300 faqih-huquqshunos faoliyat ko‘rsatgan. 9-10 asrlarda Samarqandda ilm shu qadar taraqqiy etganki, yoshlar maktab va madrasada o‘qishining majburiyligi belgilangan. Qoraxoniylar davrida ilm-fanga katta eʼtibor qartilgan va  ilm ahli qo‘llab-quvvatlangan. Aynan shuning natijasi o‘laroq ushbu zaminda ilmu irfon taraqqiy topib, gullab yashnagan. Bugun O‘zbekiston Prezidenti tomonidan «Uchinchi Renessans» g‘oyasi ostida ushbu qadimiy anaʼnalarni qayta tiklash, yoshlarni ilm-fanga yo‘naltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga sazovordir. Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Imom Buxoriy kabi ulug‘ zotlar nomi bilan ochilgan bir qancha tadqiqot markazlari uchun O‘zbekiston rahbariyatiga butun turk olimlari nomidan minnatdorlik bildiraman.

Qayd etish kerakki, Turkiyada O‘zbekistonga bo‘lgan yuksak qiziqish sababli mamlakatimiz bilan bog‘liq tadbirlarda nafaqat jamoatchilik vakillari, balki yuqori martabali davlat xizmatchilarining keng ishtiroki ham anʼanaga aylangan. Mazkur tadbirda ham Turkiya Buyuk Millat Majlisining ֿ"Turkiya – O‘zbekiston" parlamentlararo do‘stlik guruhi raisi Osman Mesten ishtirok etib, O'zbekistonga oid o‘z  fikrlarini o‘rtoqlashdi.

- Men Turkiya Buyuk Millat Majlisiga Bursa viloyatidan saylanganman, - dedi u. - Asli mazkur viloyatning Keles qishlog‘idanman. Bizning vohada O‘zbekiston bilan bog‘liq xotiralar bor. Ota-bobolarimizning aytishlaricha, 1400 yillarda O‘zbekiston zaminidan kelgan Salohiddin Buxoriy nomli zot bizning qishloqqa asos solgan ekan. Islom tamaddunining beshigi bo‘lgan Movarounnahrdan Onado‘liga kelib maʼrifat tarqatgan bunday zotlar ko‘plab uchraydi. Bursa markazida Amir Sulton Buxoriy hazratlarining maqbarasi mavjud. Shaxsan mening taxminimcha, Turkiyaning turli shahar va qishloqlarida Buxoriy, Samarqandiylarga borib taqaladigan  kamida 200ta olimning dahmasi mavjud. Aslida bu borada ham umumiy bir tadqiqot amalga oshirilishi mumkin. Bu ham Movarounnahr va Onado‘li o‘rtasidagi maʼnaviy-maʼrifiy hamkorlik tarixini yoritish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega. Deputatligim, xususan, o‘zbek-turk do‘stlik guruhiga rahbarligim sababli so‘nggi besh yilda O‘zbekistonni o‘nlab marotaba ziyorat qilish sharafiga muassar bo‘ldim. Har safar yangi bir qadriyatlarni kashf etaman. Har ziyoratimda O‘zbekistonning go‘zalliklariga bot-bot guvoh bo‘laman. O‘zbeklarning kundalik hayotida, o‘zaro muomalasi, yurish-turishida, axloq-odobida muqaddas Islom dinining go‘zal fazilatlari namoyondir. Binobarin, ushbu qutlug‘ zaminning “Islom tamadduni markazi” deya atalishi bejiz emas.

Tadbirda O‘zbekistondan kelgan professor-o‘qituvchilar turk hamkasblari bilan yaqindan ilmiy hamkorlik qilish, qo‘shma loyihalar ustida ishlashga kelishib oldilar.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar