O‘zA va Anadolu axborot agentligi rahbar o‘rinbosarlari Istanbulda uchrashdi

Muloqot davomida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash masalasi muhokama etildi. Mas’ullar asosiy e’tiborni ikki davlat yetakchi axborot agentliklari o‘rtasida imzolangan amaldagi hujjat – Hamkorlik bitimi ijrosi samaradorligini ta’minlashga qaratishdi.

1828636
O‘zA va Anadolu axborot agentligi rahbar o‘rinbosarlari Istanbulda uchrashdi

 

Kuni kecha Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar ommaviy axborot vositalari rahbar xodimlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Sobir Shukurov ham ishtirok etdi. Tadbir doirasida S.Shukurov mezbon tomon taklifiga binoan eng yaqin hamkorlarimizdan biri, nafaqat Turkiya, balki jahon axborot makonidagi yetakchi minbarlar qatorida tan olinadigan “Anadolu” axborot agentligi (AA) bosh direktori o‘rinbosari Yusuf O‘zxan bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash masalasi muhokama etildi. Mas’ullar asosiy e’tiborni ikki davlat yetakchi axborot agentliklari o‘rtasida imzolangan amaldagi hujjat – Hamkorlik bitimi ijrosi samaradorligini ta’minlashga qaratishdi. Xususan, bugungi kun talabidan kelib chiqib, axborot almashishning zamonaviy, tezkor va o‘zaro manfaatli usullaridan foydalangan holda izchil sheriklikni yo‘lga qo‘yish, kadrlar malakasini oshirish, ilg‘or tajriba almashish, ayniqsa, foto muxbirlar mahorati va ko‘nikmasini muntazam o‘stirish imkonini beruvchi zamonaviy texnologiyalarni birgalikda o‘zlashtirib borish bo‘yicha fikr almashildi.

Tomonlar asosiy yig‘ilishda ko‘tarilgan zamonaviy axborot sohasining eng dolzarb masalalardan biri – dezinformatsiyaga qarshi kurash, noto‘g‘ri, asoslanmagan axborot tarqatilishining oldini olish yuzasidan hamkorlikni kuchaytirish zarurligi bo‘yicha yakdil yondashuvni tasdiqladilar. 

O‘zA rahbarining birinchi o‘rinbosari bu borada so‘nggi yillarda mamakatda, jumladan, O‘zbekiston Milliy axborot agentligida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. 

Ushbu muammoni bartaraf etishda mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama, shuningdek turkiy tilli davlatlararo asrlar davomida shakllangan, qardoshlik, birodarlik tamoyillariga asoslangan yaqin do‘stona aloqalarga tayanish maqsadga muvofiqligi e’tirof etildi.

Suhbat so‘ngida har ikki tomon o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya Prezidenti Rajap Tayyip Erdo'g‘anning O'zbekistonga davlat tashrifi doirasida - joriy yilning 29 mart kuni mamlakatdagi yetakchi axborot agentligi – O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va xuddi shunday, Turkiyaning asosiy axborot uzatuvchi organi – “Anadolu” axborot agentligi o‘rtasida Hamkorlik bitimi tuzilgan.

Davlatlar o‘rtasidagi mavjud yaqin aloqalarga tayanib, ikki mamlakatda hamda jahonda yuz berayotgan voqealar to‘g‘risida muntazam ishonchli ma’lumot almashishni ta’minlovchi ushbu muhim hujjatni O‘zA nomidan Bosh direktor Abdusaid Ko‘chimov va AA tomonidan “Anadolu” axborot agentligi boshqaruvi kengashi raisi – Bosh direktor Serdar Karago‘z imzolagan edilar.


Tanlangan kalimalar: #O‘zA , #Anadolu axborot agentligi , #AA

Aloqador xabarlar