Istanbuldagi 7-Xalqaro noshirlik kasbiy uchrashuvlari o'z nihoyasiga yetdi

Istanbul Xalqaro noshirlik kasbiy uchrashuvlarining 2023 yilgi 8-anjumani o‘tkazilishida O‘zbekiston alohida e’tibor qaratiladigan davlat sifatida tanlangani rasman e’lon qilindi.

1794803
Istanbuldagi 7-Xalqaro noshirlik kasbiy uchrashuvlari o'z nihoyasiga yetdi

 

Turkiya Matbaa va nashriyot professional uyushmasi tashabbusi hamda Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi homiyligida tashkil etilgan "7-xalqaro Istanbul noshirlik kasbiy uchrashuvlari" anjumani o'z nihoyasiga yetdi.

Dunyoning 72 mamlakatida noshirlik sohasida faoliyat ko‘rsatadigan qariyb 600 tashkilotning mas’ul vakillari qatnashgan mazkur xalqaro anjuman jabha mutaxassislari o‘rtasida o‘zaro tajriba va fikr almashish hamda sohadagi so‘nggi yangiliklar bilan yaqindan tanishish uchun o‘ziga xos maydonga aylandi.

Mazkur tadbirda ilk bor O'zbekistondan "Sharq" nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, "G‘afur G‘ulom", "O‘zbekiston", "Akademnashr", "Yangi asr avlodi", “Yoshlar matbuoti” MCHJ, Fan va texnologiyalar nashriyot-matbaa uyi, “Hilolnashr”, “Misbah kitoblar nashriyoti” kabi 15 dan ortiq nashriyot hamda kitob savdosi muassasalarining mutasaddilari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Tashqi ishlar vazirligining “Dunyo” AA vakillari ishtirok etdilar. 

Alohida ta’kidlash joizki, o‘zbekistonlik mutaxassislar xalqaro anjumanning kitobxonlikni ommalashtirish, mualliflik huquqiga rioya etilishini ta’minlash, noshirlar, yozuvchilar, madaniy-marifiy muassasalar, kitob savdosi bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini mustahkamlash kabi yo‘nalishlari muhokamalarida faol qatnashdi. Ular anjuman doirasida soha bo‘yicha hamkorlikni ko‘zda tutadigan qariyb 100 ta shartnomani imzolashdi.

Bundan tashqari, ushbu xalqaro tadbir doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar chog‘ida o'zbekistonliklar o‘zbek tilida chop etilgan asarlarni  turk tili va boshqa xorijiy  tillarga tarjima qilish masalasiga alohida e’tibor qaratishdi.

Shunisi katta e’tiborga molikki, Istanbul Xalqaro noshirlik kasbiy uchrashuvlarining 2023 yilgi 8-anjumani o‘tkazilishida O‘zbekiston alohida e’tibor qaratiladigan davlat sifatida tanlangani rasman e’lon qilindi.

- Bu ishonch biz, O‘zbekiston noshirlariga yangilanayotgan mamlakatimizning ijod, nashriyot va matbaachilik borasidagi salohiyati va erishgan muvaffaqiyatlarini yanada kengroq namoyon etish uchun juda katta imkoniyat yaratadi, - dedi AOKA Nashriyot-matbaa sohasi va kitob savdosini rivojlantirish bo‘limining boshlig‘i Avazxon Valixonov.

Istanbulda kechgan muloqot va amaliy uchrashuvlar ishtirokchi mamlakatlarning nashriyot va matbaachilik sohasini yangi bosqichga olib chiqish, ular o‘rtasida o‘zaro yaqin hamkorlikni o‘rnatish hamda muhim mualliflik bitimlarini tuzish imkonini berdi.

"7-xalqaro Istanbul noshirlik kasbiy uchrashuvlari" anjumanining natijalari, shubhasiz, milliy madaniyatlar, adabiyotlar hamda umuminsoniy qadriyatlarning yanada ravnaq topishiga ham xizmat qiladi.



Aloqador xabarlar